O‘zbekiston | 20:30 / 02.10.2020
8889
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva BMTning xotin-qizlar mavzusidagi global sammitida o‘zbek tilida nutq so‘zladi

1 oktabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Xotin-qizlar statusi bo‘yicha to‘rtinchi butunjahon konferensiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan (Pekin + 25) global sammit bo‘lib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Videoanjuman tarzida o‘tgan sammitda O‘zbekiston nomidan Oliy Majlis Senati raisi, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etib, o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Uning nutqi BMTning barcha rasmiy tillariga tarjima qilindi, deb xabar bermoqda Senat axborot xizmati.

Forumdan maqsad – Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi (1995 yil) qoidalariga amal qilinishi va gender tenglik borasida erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqish edi.

Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi 1995 yil sentyabrda Xitoy poytaxtida, Xotin-qizlar holati bo‘yicha to‘rtinchi butunjahon konferensiyasida qabul qilingan.

«Bugun Pekin Harakatlar platformasi gender tenglikka erishishga va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan siyosatning oltin standarti hisoblanadi. Unda qat'iy choralar ko‘rish zarur bo‘lgan 12 ta muhim yo‘nalish belgilangan», – deya qayd etilgan xabarda.

Tanzila Norboyeva o‘z so‘zida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta'minlash va ularning huquq-imkoniyatlarini ayniqsa pandemiya davrida kengaytirish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan amaliy choralar bilan tanishtirgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Senati raisining nutqi tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular respublikada xotin-qizlar maqomini oshirish, ularning davlat siyosatini amalga oshirishdagi, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayoniga ularni jalb etish bo‘yicha respublikada ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga yuqori baho berdilar», – deyiladi xabarda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid