O‘zbekiston | 19:03 / 05.10.2020
7033
4 daqiqa o‘qiladi

Shofirkonda hosildorligi past paxta va g‘alla maydonlari tugatiladi

2020 yil 1 maydagi prezident qaroriga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash tizimi joriy etilgandi. Unga ko‘ra, Buxoro viloyati Shofirkon tumani respublikamizda faoliyati «qoniqarsiz»ga baholangan 33 hududdan biri sifatida qayd etilgan.

Xalq deputatlari Shofirkon tuman kengashining navbatdagi sessiyada sektor rahbarlari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan aholiga murojaat qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar bo‘yicha yo‘l xaritasini taqdim etishdi. Tuman hokimi Shukrulla Hakimov qanday omillar sababli tumanning «qizil» hududlar ro‘yxatiga qo‘shilib qolganligiga izoh berdi.

Birinchidan, hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 2019 yilda 340,7 milliard so‘mni tashkil qilib, aholi jon boshiga 1,9 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkichning viloyat sanoatidagi ulushi atigi 0,6 foizni tashkil qilgan.

Ikkinchidan, 2019 yilda eksportga yo‘naltirilgan sanoat mahsulotlari hajmi 5,41 million dollarni tashkil etib, aholi jon boshiga 29 dollardan to‘g‘ri kelgan.

Uchinchidan, tumanda mehnatga layoqatli aholining ish bilan band bo‘lmagan qismi ko‘pchilikni tashkil etadi. Tahlillar davrida tumandagi ishsizlar soni 7 200 nafardan oshgani ma'lum bo‘lgan.

To‘rtinchidan, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalasi ham tumanning og‘riqli nuqtalaridan bo‘lib turibdi. 2019 yilda jami murojaatlarning faqatgina 25 foizi qanoatlantirilgan.

Qayd etilishicha, tumanda iqtisodiy va ijtimoiy sohalar rivojlantirish bo‘yicha ham ishlar qilinmoqda. Xususan, tuman hokimi Hakimovning aytishicha, sanoat ishlab chiqarilishining sustliga tumanda energiya resurslarining beqarorligi sabab bo‘lmoqda. Shofirkonda elektr energiya ta'minotidagi uzilishlar, gaz bosimining pastligi sabab o‘z ishini yo‘lga qo‘yib olgan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini G‘ijduvon tumani, Kogon va Buxoro shahrida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda. Tumanning chekka hududda, magistral va temir yo‘llardan (eng yaqin stansiya 30 km) olisda joylashgani ham iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qilmoqda.

Hududda yetishtirilayotgan paxta mahsulotlarini shu yerning o‘zida qayta ishlash imkoniyati ham mavjud emas. Bugunga qadar yetishtirilgan paxta boshqa tumanlarda qayta ishlangan. Tuman geografik joylashuv jihatidan ko‘proq qismi cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, asosan paxta va g‘allaga ixtisoslashgan. Bog‘dorchilik, chorvachilik, sabzavotchilik klasterlari, yirik issiqxona xo‘jaliklari tashkil etilmagan.

Yuqoridagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kelib chiqib, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish va tumanni rivojlantirishga turtki bo‘ladigan yo‘nalishlarni belgilab olingan. Tumanning qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish va intensiv bog‘lar tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Nisbatan hosildorligi past bo‘lgan fermer xo‘jaliklar hisobida bo‘lgan kamida 2 ming gektar ekin yerlarini optimallashtirish hisobiga «Shersham Bog‘bon» MChJ negizida uzumzorlar tashkil etiladi. Umumiy qiymati 170 milliard so‘mlik ushbu loyihaning realizatsiya qilinishi natijasida 2 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Kamida 15 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilinadi.

Tumanning «G‘alaba», «Hamroboy» hamda «Osiyo» massivlarida joylashgan hosildorligi past paxta va g‘alla ekiladigan maydonlar tugatilib, chorva mollari uchun ozuqa ekiladigan maydonlarga aylantiriladi. «Shofirkon Halol Go‘sht Sut Savdo» MChJ negizida loyiha qiymati 20,6 milliard so‘mlik chorvachilik klasterini tashkil qilinadi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid