Qorabog‘dagi urush, o‘ninchi kun: Chovusho‘g‘li Ozarboyjonga dalda berish uchun Bokuga keldi
Seshanba kuni, Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning o‘ninchi kunida Bokuga Ozarboyjonni bu urushda ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlayotgan Turkiya TIV rahbari tashrif buyurdi. Mavlud Chovusho‘g‘li yana bir bor xalqaro hamjamiyatning tinchlik chaqirig‘ini rad etdi va Turkiya Ozarboyjon bilan birgaligini ta'kidladi. Bu vaqtda Qorabog‘dagi shaharlar va qishloqlar o‘qqa tutilishi davom etdi.
«Ular o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishmoqda. Yaxshi, o‘t ochish to‘xtatiladi- keyinchi? Siz Armanistonni zudlik bilan ozarboyjonliklar hududini tark etishga majburlay olasizmi? Yo‘q. Biz bunday chaqiriqlarni 30 yildan buyon eshitib kelmoqdamiz», degan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Bokuda.
Turkiyalik vazir Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan uchrashgan hamda bu uchrashuvlarda yana bir marta harbiy harakatlar boshidan buyon turklar rahbariyati aytib kelayotgan so‘zlarni takrorlagan: Turkiya Ozarboyjonni jang maydonida ham, xalqaro arenada ham so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu vaqtda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ga tashrif buyurgan.
Ovozsiz e'lon qilingan videoda Pashinyan harbiylar va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidenti Araik Arutyunyan bilan nimanidir muhokama qilayotgani aks etgan.
Seshanba kuni kechqurun, qisqa muddatli jimlikdan so‘ng tomonlar Qorabog‘dagi front chizig‘ida joylashgan shaharlar va qishloqlar o‘qqa tutilishi boshlangani haqida xabar berishdi.
Araik Arutyunyan respublika poytaxti Stepanakert shahriga yana zarbalar berilganini ma'lum qildi.
Shuningdek, Ozarboyjondagi nashrlarda Ag‘dam tumanidagi qishloqlar arman harbiylari tomonidan artilleriya orqali o‘qqa tutilgani yozildi.
Xabarlarga ko‘ra, Safarli qishlog‘ida 66 yoshli Eyvaz Ragimov halok bo‘lgan, kamida ikki kishi jarohatlangan.
Ozarboyjon nazoratida Ag‘dam tumanining bir qismi qolgan, 30 ming kishi yashagan Ag‘dam shahri 1991-1994 yillardagi urush vaqtida arman harbiylari tomonidan yo‘q qilib yuborilgan, uning xarobalari o‘rnidagi hudud esa ayni vaqtda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tarkibida.
Seshanba kuni kechqurun Tog‘li Qorabog‘ mudofaa vazirligi Ozarboyjon armiyasi janubiy qanotda - Eron bilan chegara hududidagi Jabroyil tumanida yana keng ko‘lamli hujum boshlagani haqida xabar berdi.
Aytish kerakki, arman harbiylari esa raqibning «keng ko‘lamli hujumlari muvaffaqiyat bilan qaytarilgani» haqida xabar berib kelmoqda. Bu bayonotlarning ham, ikkinchi tomon bayonotlari ham qanchalik haqiqatga mosligini tekshirish imkonsiz: harbiy harakatlar maydonidagi holat bo‘yicha mustaqil manbalarning ma'lumoti yo‘q.
Yaqin orada havo o‘zgarishi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin: so‘nggi kunlardagi yomg‘irlardan keyin yana ochiq havo qaytmoqda.
Sinoptiklar chorshanba kuni frontning janubiy uchastkasida, Fuzuliy va Jabroyil tumanlarida kun issiq va quyoshli bo‘lishini aytishmoqda. Tog‘li Qorabog‘ osmonida ham ertaga yomg‘ir yog‘ishi to‘xtaydi, payshanba kuni bulutlar tarqala boshlaydi.
Tog‘li hududlardagi yomg‘irlar va bulutlar osmonda ham, quruqlikda ham harbiy texnikalar harakatiga ta'sir ko‘rsatadi.
6 oktabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba BBC bilan intervyu chog‘ida Kiyev hududiy yaxlitlik masalasida Ozarboyjonni to‘la qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tgan, Ukrainaning Turkiya bilan hamkorligini esa ikki mamlakat uchun ham «chuqur strategik hamkorlik» deb atagan.
«Qurolli to‘qnashuv oqibatida o‘z hududining bir qismi egallab olingan davlat sifatida, biz har qanday davlatning hududiy yaxlitligi tarafdori bo‘lamiz. Bu o‘rinda, Armaniston, Ozarboyjon yoki boshqa birorta davlat bo‘lishi muhim emas [...] Ukraina bu masalada hamisha Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlaydi, Ozarboyjon esa Ukrainani, bu borada ortiqcha gap bo‘lishi mumkin emas», degan Dmitriy Kuleba.
Turkiyaning yangi roli
27 sentabr tongida boshlangan janglarning birinchi o‘n kunligi shuni ko‘rsatdiki, bu Qorabog‘da vaqti-vaqti bilan yuz berib turadigan otishmalardan navbatdagisi emas, katta urush bo‘lib chiqdi. Bu urushda esa ozarboyjonliklarni ularning yaqin qo‘shnisi - mintaqadagi yirik davlatlardan biri Turkiya qat'iy qo‘llab-quvvatlamoqda.
Boshqa yirik davlatlar va tashkilotlar - Rossiya, Fransiya, AQSh, Yevroittifoq, NATO, BMT, YeXHT - ularning barchasi tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga va 26 yildan buyon samarasiz bo‘lib kelayotgan muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirmoqda.
Turkiyalik siyosatchilar, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lidan tortib barchasi bu safar muzokaralar faqat Armaniston qurolli kuchlari Ozarboyjon hududidan, ya'ni Tog‘li Qorabog‘dan butunlay chiqib ketsagina boshlanishi mumkinligini aytishmoqda.
«AQSh, Rossiya va Fransiya qariyb 30 yil davomida bu muammoga e'tiborsiz qarab kelishganini hisobga olsak, endi ular o‘t ochishni to‘xtatish yo‘llarini izlashda ishtirok etmoqchi bo‘lishlarini qabul qilib bo‘lmaydi», dedi Erdo‘g‘an Turkiya parlamentidagi chiqishida. O‘sha kuni AQSh, Rossiya va Fransiya prezidentlari Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha qo‘shma bayonot berishgandi. Ozarboyjon rahbariyati ham tinchlik muzokaralari boshlanishi uchun xuddi shu kabi shartlarni qo‘ydi.
Siyosiy qo‘llab-quvvatlovdan tashqari, Turkiya Ozarboyjonni harbiy texnika, xususan, hujumkor dronlar bilan ta'minlaydi, ayrim manbalarga ko‘ra turklar ozarlarni yollanma jangchilar bilan ham ta'minlamoqda.
Qorabog‘da harbiy harakatlar boshlangach Yevropadagi qator nashrlar, xususan, BBC ham o‘z manbalariga tayangan holda Suriya shimolidagi Asad rejimiga qarshi guruhlar jangarilari Turkiya orqali Qorabog‘dagi urushga jalb qilingani haqida xabar tarqatdi.
Bunday yollanma jangarilar haqida o‘tgan hafta boshida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron ham gapirdi, ko‘p o‘tmay Rossiya TIV shu haqdagi xabarlardan tashvishdaligini bildirdi.
Ozarboyjon va Turkiya esa yollanma jangarilar haqidagi ayblovlarni rad etib kelishmoqda.
Armanlar ham nihoyatda qat'iy kayfiyatda - chunki ular Ozarboyjon bilan ziddiyatni (Turkiya bilan ham) shunchaki Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi hududlar kimga tegishli ekani haqidagi bahs sifatida emas, o‘z mavjudligini saqlab qolish uchun kurash sifatida qabul qilmoqda.
1991-1994 yillardagi urush vaqtida ro‘y bergan vahshiyliklar va etnik tozalashlar ikki xalq xotirasida ham jiddiy psixologik jarohat qoldirgan. Tomonlarning o‘zaro nafrati hech qayerga yo‘qolmagan. Qorabog‘dagi armanlar Ozarboyjon hukumatida tinch yashash imkonsiz deb hisoblab, oxiriga qadar kurashishga qaror qilishgan.
«Ularning maqsadi — armanlar, ularning maqsadi — arman genotsidi siyosatini davom ettirish", — dedi shanba kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan millatga murojaatida.
Bu safar Qorabog‘dagi harbiy harakatlar ko‘lami avvalgilaridan ancha keng miqyosda kechmoqda.
Tomonlar yuzlab harbiy texnikalarni, stvolli va reaktiv artilleriyalarini jangga tashlagan, Ozarboyjon tomoni esa zarba beruvchi va razvedkachi dronlardan foydalanmoqda.
Ozarboyjon mudofaa vazirligi deyarli har kuni yangi videokadrlarni e'lon qilmoqda, ularda dronlar dushmanning zirhli texnikalarini, gaubitsalarini, harbiy yuk mashinalarini, qo‘mondonlik punktlarini va armanlarning pozitsiyalarini o‘qqa tutayotgani tasvirlangan.
Shunga asoslanib, mutaxassislar dronlar tufayli (turklarning Bayraktar rusumli uchuvchisiz uchish qurilmalari) armanlarning bu janglardagi harbiy yo‘qotishlari juda ko‘p miqdorda bo‘layotganini tusmol qilishmoqda.
Ikki tomonning yo‘qotishlari to‘g‘risida aniq ma'lumotlar yo‘q: harbiy harakatlar maydonidagi ma'lumotlarga ega bo‘lgan mustaqil manbalar mavjud emas, urushuvchi tomonlar berayotgan hisobotlar xolisligiga esa ilk kunlardanoq ishonch yo‘qolgan - ikki tomon ham o‘z muvaffaqiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda.
Seshanba kuni Armaniston tomoni e'lon qilib borayotgan qurbonlar ro‘yxatiga yana 21 nom qo‘shildi va ularning jami soni - 240 kishi.
Ozarboyjon esa hamon o‘z yo‘qotishlari haqida ochiq ma'lumot bermay kelmoqda, faqat tinch aholi orasidagi qurbonlar haqida ma'lum qilinmoqda: seshanba kungi hujumlardan keyin, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bunday qurbonlar soni 28 nafarga yetgan (arman tomoni tinch aholi vakillaridan 10dan ortiq qurbon berilganini ma'lum qilgan).
Qorabog‘ nizosi - qisqacha ma'lumot
Arman va ozar harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar — etnik nizoning navbatdagi epizodi bo‘lib, bu ziddiyat markazida Tog‘li Qorabog‘ maqomi bo‘yicha hududiy bahs turadi.
Sovetlar davrida bu hudud avtonom oblast sifatida Ozarboyjon SSR tarkibida bo‘lgan, ammo hudud aholisi orasida armanlar ko‘pchilikni tashkil etgan.
Mahalliy armanlarning Armaniston bilan birlashuv uchun harakatlari SSSR hukumati tomonidan bostirilishi oxir-oqibat mojaroga olib kelgan, SSSR parchalangach esa keng miqyosli urush boshlangan, harbiy harakatlar davomida etnik tozalashlar o‘tkazilgan, harbiy jinoyatlar sodir etilgan.
Urush 1994 yilda YeXHTning Minsk guruhi (Rossiya, Fransiya va AQSh) vositachiligida sulh tuzilishi bilan yakunlangan.
Sulh bitimidan keyin Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi yettita tuman arman harbiylari nazoratida qolgan. Bu hududda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tashkil etilgan. Boku esa bu hududni armanlar tomonidan bosib olingan o‘z hududi deb hisoblaydi.
Yerevan rasman Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olmagan, ammo o‘zini uning xavfsizligi kafolati deb biladi, respublika budjeti va armiyasi Armaniston bilan chambarchas bog‘liq.
1994 yildan buyon o‘tkazilgan tinchlik muzokaralari naf bermagan. Tomonlar 2001 yilda kelishuvga yaqin kelishgandi, o‘shanda Amerikaning Ki-Uest nomli kurort shahrida Ozarboyjon va Armaniston prezidentlari tinchlik bitimini imzolash uchun uchrashishgandi. Ammo so‘nggi lahzalarda muzokaralar barbod bo‘ladi.
Tutashuv chizig‘ida tomonlar tez-tez kichik to‘qnashuvlar va merganlik bahslari o‘tkazib turishadi, bu esa harbiylar orasida ham, tinch aholi orasida ham qurbonlarga sabab bo‘ladi. 2016 yil aprelida bunday to‘qnashuvlar keng ko‘lamli urushga aylanib ketgan va yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgandi.
Ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni 2018 yilda yana faollashdi, Armaniston bosh vaziri Pashinyanning Ozarboyjon prezidenti Aliyev bilan ikki uchrashuv o‘tkazishi ziddiyatni sezilarli darajada yumshatdi.
O‘shanda hatto ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari aholini tinchlikka tayyorlash zarurligini ta'kidlashgandi. Ammo bir yarim yil o‘tib bu yo‘nalishda qo‘yilgan yagona qadam jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi bo‘ldi - unutilgan amaliyot tiklangandi.
2020 yil iyulida Qorabog‘da emas, Armaniston va Ozarboyjon chegarasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 2016 yildagi keskinlashuvdan farqli o‘laroq (o‘shanda Rossiya bosh vaziri Boku va Yerevan shaharlariga kelgandi), iyul oyidagi to‘qnashuvlar xalqaro maydonda jiddiy aks-sado bermadi - tomonlarni yarashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlar olib borilmadi.
Mavzuga oid
21:21
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024