Bojxonachilarga sud qarorlari majburiy emasmi? Tadbirkor 1 yildan beri sarson
Tadbirkorlik qilish maqsadida imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lib, chetdan fura olib kelgan fuqaro oradan bir yil o‘tsa hamki, o‘zi keltirgan transport vositasiga egalik qila olmayapti – bojxona organlari uning «oyog‘iga zanjir ilishgan». Fuqaro foydasiga sud qarorlari chiqqan bo‘lishiga qaramay, ularning ijrosi bojxonachilar tomonidan paysalga solib kelinmoqda.

Foto: norma.uz
Fuqaro Otabek Ergashev prezidentning meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga doir 2018 yildagi farmoni bilan berilgan imtiyozdan foydalangan holda, o‘z tadbirkorligini boshlab olish uchun, 2019 yil 30 sentabr kuni Chexiyadan jiyani Malik Jumaboyev nomiga VOLVO FH 13 440 42 T rusumli egarli shatakchi (sedelniy tyagach) hamda Ikromjon Isakov nomiga KOGEL S24 rusumli yarimtirkamani sotib olib, O‘zbekistonga keltirgan.
Yuqoridagi farmon 6-bandining 4-xatboshisiga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlari 2019 yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston hududiga import bo‘yicha olib kirilayotgan, meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari (TIF TN koddari — 870120, 870421, 870422, 871639) bojxona to‘lovlari va Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar to‘lashdan ozod etilgan.
2019 yil 21 sentabr kuni Chexiyadan yo‘lga chiqqan M.Jumaboyev 30 sentabr kuni soat 22:14da Qozog‘istondan Toshkent viloyati «S.Najimov» chegara bojxona postiga yetib kelgan, 23:39da transport vositasi bo‘yicha dastlabki bojxona deklaratsiyasini to‘ldirib, elektron shaklda Davlat bojxona qo‘mitasining «EBR» AAT dasturida ro‘yxatga olingan.
2019 yil 2 oktabr kuni esa «Vodiy» TIF bojxona post organi xodimlari M.Jumaboyev transport vositasini O‘zbekistonga olib kirishda dastlabki bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish tartibini buzgan, deb hisoblab, dalolatnoma rasmiylashtirgan holda 2 kun oldin tuzilgan deklaratsiyani bekor qilishadi.
«2019 yil 30 sentabr kuni soat 23:30lar chamasi post boshlig‘i S.Ermatov biroz oldin men yuborgan deklaratsiya qabul qilinganini, imtiyozdan foydalanishga ulgurganimni aytdi. Biroq, kutilmaganda 2019 yil 4 oktabr kuni dastlabki bojxona deklaratsiyasi bekor bo‘lgani haqidagi yozma murojaatni qabul qilib oldim. Agarda o‘shanda bojxona xodimlari tomonidan qonun bo‘yicha 3 soat ichida menga deklaratsiyada xatolar borligini bildirishganida, men kamchiliklarni bartaraf etgan bo‘lardim. Vaholanki S.Ermatov menga hammasi joyida ekanini aytdi va men unga ishonib xotirjam bo‘ldim», – deydi Otabek Ergashev.
O.Ergashev dastlab ushbu holatdan noroziligini, deklaratsiyani bekor qilish nazarda tutilgan dalolatnomaning o‘zini bekor qilishni so‘rab, 4 oktyabrda «Vodiy» TIF bojxona posti va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasiga murojaat qilgan, ammo bu murojaatlardan foyda bo‘lmagan.
O.Ergashev 2019 yil 30 noyabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasi raisi nomiga ham xuddi shu mazmunda ariza yozadi. Ushbu arizaga 5 dekabr kuni berilgan javob xatida O.Ergashevning dastlabki bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish tartibini buzgani, shu tufayli unga soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanilmasligi hamda Bojxona kodeksining 289-moddasiga muvofiq, import bojxona boji, aksiz solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlarini to‘lashi kerakligi ma'lum qilinadi.
Bojxona organlaridan biror ish chiqmasligiga ko‘zi yetgan O.Ergashev sudga murojaat qilishdan boshqa chora qolmaganiga amin bo‘ladi.
Arizachining javobgar «Vodiy» bojxona posti organi mansabdor shaxslarining harakatlarini qonunga xilof deb topib, majburiyat yuklash haqidagi shikoyat arizasi bo‘yicha 2020 yil 12 may kuni Farg‘ona shahar ma'muriy sudining hal qiluv qarori chiqadi. Hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, «Vodiy» TIF bojxona posti organi mansabdor shaxslarining 2019 yil 2 oktabr kuni dastlabki bojxona deklaratsiyasini bekor qilish harakatlari qonunga xilof, deb topiladi hamda javobgar zimmasiga 2019 yil 30 sentabr kungi deklaratsiyani qayta rasmiylashtirish majburiyati yuklanadi.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i ushbu hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati keltiradi. Farg‘ona viloyati ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasi Farg‘ona shahar ma'muriy sudining qarorini o‘z kuchida qoldiradi.
Biroq, bojxonachilar «otdan tushsa ham, egardan tushmay», sudning hal qiluv qarorini ijro qilishni paysalga solishadi. Ya'ni sud qarorida ularga 2019 yil 30 sentabr kungi deklaratsiyani tiklash va ushbu deklaratsiya bo‘yicha ish ko‘rish majburiyati yuklangan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2020 yil 8 sentyabrda jo‘natilgan ogohlantirish xatida go‘yoki sudning hal qiluv qarori ijrosini ta'minlash maqsadida deklaratsiyaning «ro‘yxatga olingan, rasmiylashtirilmagan» maqomiga qaytarilgani, ammo deklaratsiyani rasmiylashtirish uchun huquqiy asoslar mavjud emasligi, ushbu deklaratsiya belgilangan talablarga zid ravishda yuborilgani, shu tufayli ushbu deklaratsiya o‘rniga 3 ish kuni ichida tegishli bojxona rejimiga yangi bojxona deklaratsiyasi taqdim etilishi lozimligi, aks holda 2019 yil 30 sentabr kungi deklaratsiya bekor qilinishi ma'lum qilinadi.
Qiziq-a? Sud bekor qilingan deklaratsiyani tiklashni buyuradi, bojxonachilar esa o‘z bilganidan qolmay, deklaratsiyani bekor qilish bilan qo‘rqitadi.
Bundan tashqari, bojxonachilar transport egasiga sud hal qiluv qarorida unga nisbatan imtiyozni qo‘llash haqida ko‘rsatma berilmaganini ta'kidlab, bojxona boji va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni talab qilishadi.
Es-hushi joyida bo‘lgan odam Farg‘ona shahar ma'muriy sudining 2020 yil 12 maydagi hal qiluv qaroridan O.Ergashevga imtiyozni qo‘llash lozimligini tushunib olishi mumkin bo‘lsa-da, yuqoridagi suiiste'molliklarga chek qo‘yish maqsadida Farg‘ona shahar ma'muriy sudi 19 sentabr kuni ushbu hal qiluv qaroriga tushuntirish berish maqsadida ajrim chiqaradi. Ajrimda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi zimmasiga hal qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirmagan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan transport vositasini prezident farmoniga asosan imtiyozli asosda rasmiylashtirish lozimligi tushuntiriladi.
Lekin shularga ham qaramay, bojxona organlari xodimlari tomonidan ushbu sud hujjatlari boshqacha talqin qilinib, ularning ijrosi hamon ta'minlanmay kelmoqda.
Mazkur murojaat bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatidan izoh olishni so‘rab yuborgan so‘rovimiz hozircha javobsiz qolmoqda.
«Yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida xorijdan transport vositasi keltirgandim. Bu darajada nohaqliklar bo‘lishini bilganimda, bu ishga umuman qo‘l urmagan bo‘lardim. Mening aybim – tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganim ekan. 1 yildan oshibdiki, furam bojxona postida ushlab turilibdi. Eng alam qiladigani – sudda yutsam ham, sud qarorini bir tiyinga olishmayapti. Hatto prokuraturaga qilgan murojaatim ham javobsiz qoldi» – deya hasrat qiladi tadbirkor Otabek Ergashev.
Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri.
Tavsiya etamiz
Isroil–Eron urushining Markaziy Osiyo uchun geosiyosiy mezonlari qanday?
Jahon | 22:13 / 18.06.2025
Klublar o‘rtasidagi JChda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan 11 iste’dod. Kimlar turnir kashfiyoti bo‘lishi mumkin?
Sport | 20:34 / 18.06.2025
Yana yuzlab odam aldangan: Alfa va Baraka avtolizing sudidan reportaj
Jamiyat | 11:25 / 18.06.2025
Isroil eronliklar tuzumga qarshi isyon ko‘tarishiga umid qilmoqda. Buning ehtimoli bormi?
Jahon | 20:00 / 17.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Markaziy bank 13 ta bankka jarima sanksiyasi qo‘lladi
O‘zbekiston | 09:17
-
2024 yilda O‘zbekistondan Rossiyaga borgan migrantlar soni ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston | 01:53
-
Zelenskiy Ukraina quruqlik qo‘shinlariga yangi qo‘mondon tayinladi
Jahon | 01:06
-
Apple qo‘sh ekranli iPhone chiqaradi: u haqda nimalar ma’lum
Fan-texnika | 00:33
Mavzuga oid

11:00 / 08.03.2025
“Xodimlarning aralashganligi holati aniqlanmadi” – “Yallama” postidan yuzlab avtomobillarning g‘ayriqonuniy olib o‘tilishida bojxonachilar ishtiroki haqida

11:23 / 25.02.2025
Xalqaro avtobus qatnovlarida yo‘lovchi ma’lumoti bojxona postiga oldindan yetkaziladi

20:25 / 24.02.2025
Bojxona postlarida yengil avtomobil va avtobuslar uchun qizil va yashil yo‘laklar joriy qilinishi mumkin

09:31 / 21.02.2025