10:21 / 11.10.2020
42693

Xitoyda koronavirusning ikkinchi to‘lqini yo‘qligi sababi tushuntirildi

Foto: Lintao Zhang / Getty Images

Dunyoning ko‘plab davlatlarida koronavirusning ikkinchi to‘lqini kuzatilayotgan bir vaqtda Xitoyda uning yo‘qligi “shakllantirilgan tartib-qoidalar” va aholining ehtiyot choralariga rioya qilishi bilan tushuntirildi. Bu haqda Xitoyda yashovchi xorijliklar so‘zlab berdi.

“Umuman olganda, hayot odatdagi tarzga qaytdi. Hongkongda ba'zan qandaydir infeksiya o‘choqlari haqida ma'lum qilib turiladi, biroq barcha ajiotaj tezda yo‘qqa chiqadi. Xitoyliklarda barchasi maromiga yetkazilgan, barcha resurslar yetarli”, deb ta'kidlab o‘tgan Guanchjou yaqinida yashovchi rossiyaliklardan biri Aleksandr.   

Uning ta'kidlashicha, buning uchun hukumat fuqarolardan “e'tiborni susaytirmaslikni” va ehtiyot choralariga rioya qilishni so‘ragani yetarli bo‘lgan. Bundan tashqari, infeksiya tarqalishining mahalliy o‘choqlariga tezkorlik bilan javob beriladi.

“Misol uchun, Pekinda iyunda infeksiyaning jadal tarqalishi boshlandi, biroq kasallanish o‘chog‘i tezda bostirildi. Buni ikki hafta ichida uddalay olishdi. Hattoki shaharni to‘liq yopishga ham hojat bo‘lmadi”, deb qo‘shimcha qilgan rossiyalik.

Shanhayda yashovchi yana bir rossiyalik Andreyning ta'kidlashicha, Xitoyda ba'zi cheklovlar hamon saqlanib qolgan: misol uchun, xorijdan keluvchilar ikki haftalik karantindan o‘tishlari kerak. Shuningdek, bir qator tashkilotlarda xodimlar va tashrifchilar tana harorati o‘lchanadi, ba'zi holatlarda esa shaxsiy ma'lumotlar so‘raladi.

“Har bir mahalliy fuqaroning telefoniga maxsus dastur yuklangan. U “salomatlik kodi”ni qayd qilib boradi. Dastur telefon egasining harakatlanishi ortidan kuzatadi. Agar telefon egasi kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga bormagan bo‘lsa, unga yashil kod, aks holda qizil qod beriladi”, deb tushuntirib o‘tgan Andrey.

Bundan tashqari, ba'zi shaharlarda mahalliy ma'muriyat o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha cheklovlar kiritishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, Xitoyda karantinga amal qilinishi qat'iy nazorat qilinadi: qoidabuzarlarga maxsus bilakuzuk taqilishi yoki uylari to‘g‘risiga kuzatuv kameralari o‘rnatilishi mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, oxirgi sutkada Xitoyda 26 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Mamlakatda pandemiya boshidan beri 91 mingdan ko‘proq kishi koronavirusga chalingan. 

Mavzuga oid
Top