Jahon | 22:39 / 16.10.2020
23031
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh-2020: Tramp qanday qilib saylovda g‘alaba qozonishi mumkin?

So‘nggi so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Demokratik partiya nomzodi Jo Bayden amaldagi prezident Donald Trampdan sezilarli farq bilan oldinda bormoqda. Bayden, shuningdek, saylov kampaniyasini moliyalashtirish bo‘yicha ham jiddiy ustunlikka ega. U to‘plagan rekord darajadagi xayriya mablag‘lari yordamida kurashning so‘nggi haftalarida mavjud axborot oqimini o‘z o‘zani tomon burish imkoniyatiga ega.

Getty Images

Saylov bo‘yicha tahlilchilarning orasida ham Trampning yutqazishini taxmin qilayotganlarning soni tobora ortib bormoqda. Fivethirteight.com veb-sayti (ijtimoiy so‘rovlarni tahlil qilish, siyosat, iqtisod va sport sohasiga ixtisoslashgan veb-sayt – tahr.) Baydenning g‘alaba qozonish imkoniyatini 87 foiz, Decision Desk HQ (ovoz berish natijalarini yig‘ish, tartibga solish va saylov bilan bog‘liq ma'lumotlarni taqdim etishga ixtisoslashgan markaz – tahr.) esa 83,5 foiz deb baholamoqda.

Biroq bu kabi ma'lumotlar demokratlarga juda yaxshi tanish. Zotan, to‘rt yil avval Hillari Klintonga ham saylovlarda g‘alaba qozonish uchun katta imkoniyat berilgan edi. Biroq hamma bu kechaning nima bilan yakunlanganini eslaydi.

Xo‘sh, Trampning yangi g‘alabasi bilan tarix takrorlanishi mumkinmi?

Agar prezident Tramp kelasi yilning yanvar oyida yana qasamyod qilib, o‘z vazifasini davom ettirsa, bu voqea sodir bo‘lishining ehtimoliy beshta sababi bo‘ladi.

Oktabr oyining yangi syurprizi
To‘rt yil oldin, saylovga 11 kun qolganda Federal qidiruv byurosi direktori Jyeyms Komi prezidentlikka nomzod Hillari Klintonga nisbatan u davlat kotibi bo‘lgani paytida shaxsiy elektron pochtadan foydalangani uchun tergov ochilganini e'lon qilgandi.

O‘shanda bir hafta davomida bu xabar kun tartibining asosiy muhokama mavzusiga aylanadi. Bu esa o‘z navbatida Tramp kampaniyasi uchun yengil nafas olish imkonini bergandi.

2020 yil saylovlariga ikki hafta muddat qolganda xuddi shunga o‘xshash «og‘ir siyosiy zilzila» ro‘y berishi Tramp g‘alaba sari olg‘a borishi uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Hozircha katta harf bilan yozilgan sarlavhali xabarlar Tramp uchun yoqimli bo‘lyapti, deb aytib bo‘lmaydi. Soliqlar bilan bog‘liq mojaro, uning koronavirus tufayli kasalxonaga tushib qolishi kabi voqealar shular jumlasidandir.

Jo Bayden o‘g‘li Hanter Bayden bilan, 2016 yil / Getty Images

New York Post gazetasida esa egasi tomonidan kompyuterda unutib qoldirilgan elektron maktub topilgani, unga ko‘ra, Jo Bayden o‘z o‘g‘li, Ukrainadagi gaz kompanisi manfaatlarini lobbi qilgan Hanter Baydenning faoliyatiga bevosita jalb etilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatildi. Bu xabarlar ba'zi respublikachilar tomonidan «zilzila» deb ta'riflandi. Biroq manbasi shubhali bo‘lgan ushbu da'volar hech qanday tafsilotlarga ega emasligi bois ular saylovchilar fikriga deyarli ta'sir qilmasligi aytilmoqda.

Biroq Tramp bu hali hammasi emas ekanini, yana ko‘plab «syurpriz»lar borligini da'vo qilmoqda. Agar bordi-yu haqiqatan ham shunday bo‘lsa va Baydenning vitse-prezidentlik paytida noto‘g‘ri xatti-harakat qilganiga oid aniq dalillar paydo bo‘lsa, vaziyat o‘zgarishi mumkin. Ya'ni saylov kampaniyasining voqealar zanjiri hali noma'lum bo‘lgan va kutilmagan «portlash» sari olib borishi ham ehtimoldan xoli emas.

Ijtimoiy so‘rovnomalardagi xatolar
Bayden Demokratik partiyadan nomzod bo‘lganidan beri o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda barqaror ravishda oldinda bormoqda. Ammo 2016 yil saylov natijalari shuni ko‘rsatdiki, mamlakat miqyosida yetakchi nomzod bo‘lish hech narsani ifoda etmasligi, shtatlar kesimidagi so‘rov natijalari ham natijani aks ettirmasligi mumkin.

So‘nggi saylovda ba'zi bir ommaviy so‘rov o‘tkazuvchi kompaniyalar Trampga ovoz beradigan oq tanli, universitet bitiruvchisi bo‘lmagan saylovchilar sonini noto‘g‘ri hisoblagandi.

Garchi New York Times gazetasi Bayden tomonidan qo‘lga kiritilgan ustunlik uni 2016 yildagidek so‘rovnomalarning noaniqliklaridan himoya qilishini ta'kidlayotgan bo‘lsa-da, so‘rov o‘tkazuvchi kompaniyalarning oldida 2020 yilda ham yengib o‘tilishi kerak bo‘lgan bir qator to‘siqlar mavjud.

Bu galgi saylovda ko‘plab amerikaliklar ilk bor pochta orqali ovoz berishadi.

Respublikachilar hanuz ovoz berishning ushbu usuli saylovlarda qalloblik qilish uchun imkoniyat yaratadi, degan fikrni bildirishmoqda va unga qarshi keng miqyosli tashviqot olib borishmoqda. Demokratlar esa bu harakatlarni saylovchilarga bosim o‘tkazish sifatida baholamoqda.

Agar saylovchilar shakllarni to‘g‘ri to‘ldirmasa yoki zaruriy tartib-qoidalarga rioya qilmasa va yoki saylov byulletenlarini tarqatishda uzilishlar bo‘lsa, haqiqiy saylov byulletenlari ham haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Televideniyedagi debatlar
Ikki hafta oldingi Tramp-Bayden bahsida prezident «toza o‘yin» ko‘rsatmadi.

So‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, Trampning tajovuzkor uslubi ushbu saylovning kaliti bo‘lgan shaharlar atrofida yashovchi ayollar tomonidan yoqimsiz hol sifatida qabul qilingan.

Aksincha, Bayden hayajonga to‘la bu onlarda yetarlicha qat'iy pozitsiyani namoyish etib, respublikachilar tomonida yoshi ancha o‘tib qolgani haqidagi iddaolar ortidan tug‘ilgan xavotirni yo‘qqa chiqara oldi.

Ikkinchi debat o‘zaro virtual formatda tashkil etilishi ma'lum qilingach, Tramp ushbu bahsda qatnashmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilganini bildirdi va avvalgi bahsda saylovchilarda tug‘ilgan taassurotlarini o‘zgartirish imkoniyatini boy berdi.

Keyingi payshanba kuni u birinchi bahs bilan bog‘liq taassurotlarni o‘zgartirish uchun so‘nggi imkoniyatga ega bo‘ladi.

Agar Bayden xotirjamlikni qo‘ldan chiqarsa va kelishmovchilikka olib keluvchi dramatik vaziyat «o‘pqoni»ga tushib qolsa, bahsda Trampning qo‘li baland kelishi mumkin.

Beqaror shtatlar
Jo Bayden saylov so‘rovnomalarida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, xatolar Trampning foydasiga ishlashi mumkin. Zotan, saylovchilarning umumiy ovoz muvozanatiga jiddiy ravishda ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan yetarlicha muhim shtatlar mavjud.

Tramp o‘tgan saylovlarda barcha ovozlar soni bo‘yicha ortda qolgan bo‘lsa-da, saylovchilar hay'ati arifmetikasida osongina farq yarata olgandi. Ushbu tizimda har bir shtat Saylov hay'atiga mutanosib ravishda o‘z delegatlarini yuboradi.

O‘tgan saylovlarda g‘olib chiqqan Tramp uchun bu safar Michigan va Viskonsin kabi beqaror shtatlarda g‘alaba qilish ancha qiyin kechadiganga o‘xshaydi. Ammo u hanuz Pensilvaniya va Florida kabi shtatlarda oliy ma'lumotli bo‘lmagan oq tanlilarning saylovda ishtirokini ta'minlash orqali yaqin farq bilan g‘alaba qozonishi mumkin.

Hatto Bayden va Trampning har biri 269tadan ovoz olishi bilan bog‘liq ssenariy ham mavjud. Bunday vaziyatda natija Vakillar palatasidagi shtatlar delegatsiyasi hukmiga qoladi, ular esa Trampni afzal ko‘rishlari mumkin.

Baydenning qoqilishi
77 yoshli Jo Bayden hozirgacha saylov kampaniyasi jarayonini juda tartibli boshqardi.

Hozir Jo Bayden uchun eng asosiysi - chekinmaslikdir

Ehtimol, epidemiya davri bo‘lgani uchunmi, qo‘pol xatolari bilan tanilgan Bayden o‘zini kun tartibidan chetroqda tutishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq saylovlarga bir necha hafta qolganda Bayden o‘zining saylovoldi kampaniyasini kuchaytirdi va yana ancha ko‘zga tashlanib qoldi. Bu esa ommaviy axborot vositalarining yanada kuchli monitoringi va uning saylovda yutqazishiga sabab bo‘ladigan harakat yoki nutqi xavfi demakdir.

Bayden ortida to‘plangan saylovchilar bamisoli bir koalitsiyadir. Shahar atrofida yashovchi mo‘'tadillar, norozi respublikachilar, an'anaviy ishchilar sinfiga mansub demokratlar, etnik ozchiliklar va liberallar.

Agar Bayden ularga aytar so‘zi yoki qiladigan harakati bilan biror sabab yaratib bergudek bo‘lsa, salbiy ma'noda qo‘zg‘alishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p dinamik nuqtalar mavjud.

Albatta, saylov kampaniyasi charchog‘i tufayli Bayden o‘zining yoshi bilan bog‘liq muammolarga «qoqilib» tushishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agar shunday hol yuz bersa, Trampning saylovoldi kampaniyasi «o‘lganning ustiga tepgan» qabilida ish tutishi aniq.

Bayden kampaniyasi hozirda ular faqat vaqtni o‘ldirishlari kerakligi va oxir-oqibat, Oq uy ularga tegishli bo‘lishi haqida o‘ylashayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo agar shunday bo‘lsa, ular naqd bo‘lib turgan g‘alabani qo‘ldan boy bergan birinchi siyosiy jamoa bo‘lishmaydi.

Mavzuga oid