O‘zbekiston | 11:52 / 17.10.2020
8650
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov: «Inson huquqlari bo‘yicha kengash O‘zbekistonga nisbatan eng tanqidchi tashkilot bo‘lgan»

“BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 20 yil davomida O‘zbekistonga nisbatan eng tanqidiy xalqaro tashkilot bo‘lgan”, - deya fikr bildirdi Abdulaziz Komilov bugungi Xalqaro press klub sessiyasida.

Bugun, 17 oktabr kuni, "O‘zbekiston — BMT: muhim tashabbuslar va hamkorlik natijalari" mavzusida navbatdagi xalqaro press klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashga qanday a'zo bo‘lganligi va uning ahamiyati xususida so‘z bordi. 

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ushbu xalqaro tashkilotga a'zo bo‘lishda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi:

“O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha tashkilotga a'zo bo‘lganligi mavqeimizni oshirdi, shu bilan birga, bu mas'uliyat ham yuklaydi. Ushbu tashkilotga a'zo bo‘lishga harakatni 3 yil oldin boshladik. Buni qanday amalga oshirdik? Eng avvalo,  majburiy  va bolalar mehnatini bekor qiladigan qaror qabul qilindi. Unga bo‘ysunmaganlar jazoga tortildi. Xalqaro tashkilotlar vakillari har yili paxta dalalariga borib vaziyatni kuzatishdi. 

Shuni alohida ta'kidlashim kerakki, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 20 yil davomida O‘zbekistonga nisbatan eng tanqidchi xalqaro tashkilot bo‘lib kelgan edi. Shunga qaramasdan ushbu kengashga a'zo bo‘lishga harakat qildik.

Xalqaro maydonda alohida e'tirof etiladigan qanday ishlarni qildik? OAV erkinligini ta'minlash, din va e'tiqod erkinligi bo‘yicha ko‘plab sa'y-harakatlar amalga oshirildi. Yuqorida aytganimdek, majburiy mehnat, bolalar mehnatiga barham berildi. Shuningdek, gender tengligini ta'minlashga davlat siyosati darajasida ahamiyat ko‘rsatildi, sud-huquq tizimi jiddiy isloh qilindi”, - dedi Komilov.

Mavzuga oid