Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan O‘zbekistonni uzoq istiqbolda rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni maslahatchi Suma Chakrabarti ishtirokida O‘zbekistonda islohotlar dasturini uzoq muddatli istiqbolda davom ettirishning strategik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muhokamada O‘zbekistonning yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va yangilanishlarni samarali davom ettirishni ta'minlashga e'tibor qaratilgan.
«Xususan, mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatdoshligini oshirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va boshqaruv kadrlari sifatini tubdan oshirish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi», – deyiladi press-relizda.
Eslatib o‘tamiz, 8 yil Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti sifatida ishlab kelgan britaniyalik Suma Chakrabarti shu yil yozida iste'foga chiqqan edi. Sentabr oyida u O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lishini ma'lum qilgandi.
Ma'lumot uchun, Chakrabarti sentabr oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha shtatdan tashqari maslahatchisi etib tayinlangan. U 18 oktabr kuni To‘qayev bilan Qozog‘iston Islohotlar oliy kengashining ilk yig‘ilishi kun tartibini muhokama qilgan. Chakrabarti ushbu kengash raisining o‘rinbosari sanaladi.
Mavzuga oid
22:12
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
12:06 / 18.11.2024
O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Oksfordda malaka oshirishi mumkin
07:39 / 11.01.2024
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
08:04 / 16.12.2023