Jahon | 15:00 / 20.10.2020
15620
2 daqiqa o‘qiladi

4 yil qamoqda o‘tirgan Bishkek sobiq hokimi o‘z lavozimiga qaytdi

Foto: Sputnik /Tabyldy Kadyrbekov

Korrupsiyada ayblanib, to‘rt yil qamoqda o‘tirgan Bishkek sobiq hokimi Narimon Tuleyev shahar ma'muriyatiga qaytdi va Qirg‘iziston poytaxti meri vazifasini bajaruvchiga aylandi. Bu haqda «TASS» shahar hokimligi matbuot xizmatiga tayangan holda xabar berdi.

«20 oktabr kuni shahar hokimi Aziz Surakmatov iste'foga chiqqanidan so‘ng, hokimning birinchi o‘rinbosari Narimon Tuleyev ushbu vazifani bajara boshladi», - dedi agentlik suhbatdoshi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Tuleyev hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimiga bugun ertalab tayinlangan.

Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, ilgari ushbu lavozimni Almaz Baketayev egallagan. U uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. 

«Qonunga binoan Bishkek hokimi shahar keneshi (kengash) deputatlari tomonidan saylanadi», - deya eslatgan matbuot xizmati.

Tuleyev 2008-2010 yillarda Qirg‘iziston poytaxti hokimi bo‘lib ishlagan.

2013 yilda u Bishkek hokimi lavozimida ishlagan vaqtidagi korrupsiya uchun mol-mulki musodara qilinib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Unga 2008 yilda Xitoydan yo‘lovchi avtobuslarni sotib olish, shuningdek, 200 million somga maxsus munitsipal obligatsiyalar chiqarishdagi noqonuniy harakatlari tufayli jinoiy ish ochilgan.

2014 yil dekabr oyida Bishkek shahar sudi quyi instansiya qarorini kuchda qoldirdi. Bir yil o‘tib Oliy sud kollegiyasi ham hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Nariman Tuleyev 2016 yilda amnistiyaga tushib, davlatga 30 million som (375 ming dollar) miqdorida yetkazilgan zararni to‘lab berganidan keyin ozod qilingan. 

Mavzuga oid