Fan-texnika | 21:11 / 20.10.2020
10941
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda ishlab chiqariluvchi giperkar yangi tezlik rekordini o‘rnatdi (video)

AQShning SSC North America kompaniyasi ishlab chiqaradigan Tuatara giperkari seriyali avtomobillar uchun yangi tezlik rekordini o‘rnatdi. Bu haqda kompaniyaning o‘zi ma'lum qildi.

Foto: SSC North America

Avtomobil 3 yil avval Koenigsegg Agera RS giperkari o‘rnatgan rekordni yangilagan. Rekord o‘rnatilishi vaqtida giperkarni poygachi Oliver Uebb boshqargan.

Ginness rekordlar kitobi qoidalariga ko‘ra, bunday rekordlar qayd qilinishi uchun bir soat oraliq bilan qarama-qarshi yo‘nalishlarda ikkita urinish amalga oshirilishi lozim. 10 oktyabrda Uebb Nevadadagi Paxramp shahri yaqinida joylashgan State Route 160 avtostradasining 11 kmlik qismida SSC Tuatara’ning tezligini dastlab 484,5 km/soatga, so‘ngra 533 km/soatga yetkaza olgan. Rekord natija sifatida esa o‘rtacha tezlik – 508,7 km/soat olingan. Bu trassada o‘rnatilgan avvalgi rekord ko‘rsatkich 447 km/soatni tashkil qilgan. Uebb shu bilan birga 2019 yilda Bugatti Chiron Super Sport 300+ giperkari o‘rnatgan norasmiy rekordni (490,5 km/soat) yangilashga muvaffaq bo‘lgan.

SSC North America’da ta'kidlanishicha, urinish vaqtida oddiy yonilg‘i bilan to‘ldirilgan to‘liq seriyali avtomobildan foydalanilgan. Rekordni qayd qilish uchun Dewetron GPS-moduli qo‘llangan.

SSC Tuatara 5,9 litrli, 8 silindrli motor bilan jihozlanadi. Ushbu dvigatelning maksimal quvvati 1774 ot kuchini tashkil qiladi. Dvigatel 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Avtomobilning joyidan tez qo‘zg‘alishiga mashinaning aerodinamik qarshiligi past koeffitsiyentga egaligi (0,279) hamda old va orqa o‘qlariga tushadigan optimal aerodinamik yuklama (37:63 nisbatda) ko‘mak beradi.

Mavzuga oid