Jahon | 19:59 / 20.10.2020
36922
8 daqiqa o‘qiladi

«Tramp haqiqiy emas!» – AQShda saylov oldidan tarqalgan mish-mishlar va afsonalar

Foto: Getty Images

AQSh prezidentlik saylovlari boshlanishiga tobora oz vaqt qolmoqda. Saylov yaqinlashgan sari turli mish-mishlar ham ko‘paymoqda. VVS bu mish-mishlarning «eng saralari»ni to‘pladi.

Pochta orqali ovoz berish. Trampning shubhalari o‘zini oqlayaptimi?

Koronavirus sababli AQSh prezidentlik saylovlarida ko‘pchilik pochta orqali ovoz berishi mumkin. Buni AQShda «meyl-in» deyishadi. Trampning shtabi va uning o‘zi pochta orqali ovoz berish ovozlarni soxtalashtirish uchun juda qulay imkoniyat tug‘dirishini ta'kidlab kelishadi. Tramp saylovlar pochta orqali o‘tkazilsa, bu «AQSh tarixidagi eng sharmandali saylov bo‘lishi»ni aytgan va uning natijalarini tan olmasligini bildirgandi. Tabiiyki, bu gaplarning qandaydir isboti ko‘rsatilmagan.

Aslida AQShda pochta orqali ovoz berish yangilik emas va bu jarayonda ovozlarni soxtalashtirish juda kam kuzatiladigan holat. Tramp o‘tgan haftada Ohayo shtatida pochta orqali ovoz berish uchun 50 ming dona saylov byulletenlari xato tarqatilgani bo‘lajak saylovlar manipulyatsiya obektiga aylanishining isboti ekanini aytgandi. Tramp bu haqda Bayden bilan debatlar vaqtida ham eslatdi. Debat moderatori esa Trampning gapini bo‘lib, FQB hozircha ovozlarni soxtalashtirish bo‘yicha isbot topmaganini bildirdi.

Tramp aytgan holat Ohayo shtatidagi Franklin okrugida sodir bo‘lgan. Okrugda ishlayotganlar Trampning bu boradagi tvitiga javob berar ekan, chindan jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilganini tan oldi va saylov komissiyasi ikki partiyadan iborat ekanini eslatib, berilgan ovozlar to‘g‘ri hisoblanishini ma'lum qildi.

Okrugda xato texnik muammo sabab sodir bo‘lgan. Saylov byulletenlarini chiqarishi kerak bo‘lgan katta tezlikdagi skaner buzilib qolgan va oqibatda 250 mingdan ortiq byulletenlarda xato ma'lumotlar chop etilgan. Hududdagi saylov komissiyasi barcha xato byulletenlar o‘rniga tuzatilganlari yuborilishini ta'minlagan va ularning aytishicha, hech kim ikki marta ovoz bermasligi uchun kerakli ishlar qilingan.

Sentyabrda feysbukning minglab foydalanuvchilari o‘z sahifalarida byulletenlar yuborilgan ochiq konvertlarning suratini joylab, ular saylov natijalarini manipulyatsiyalashtirish imkonini berishini aytishgandi. Biroq keyinchalik bu 2018 yilgi senat saylovlarida foydalanilgan konvertlar ekani ma'lum bo‘ldi va ular qonunga muvofiq tashlab yuborilgani aytildi. U vaqtda esa AQSh prezidentlik saylovlarini pochta orqali o‘tkazish borasida gap yo‘q edi.

Umuman olganda, AQShda pochta orqali ovoz berish jarayonida Tramp xavotirlanayotgandek ovozlarni soxtalashtirish holatlari deyarli uchramaydi. Ammo Trampning xavotirlanishiga asosi ham bor, axir hali AQSh prezidenti bu qadar keng miqyosda masofadan ovoz berish orqali aniqlangani yo‘q. Bundan tashqari, prezidentlik saylovlarida nomzodlar uchun berilgan har bir ovoz ahamiyatli.

Ma'lum bo‘lishicha, FQB hozirda Pensilvaniyadagi harbiylarga yuborilgan to‘qqizta soxta byulletenni o‘rganmoqda. AQSh federal saylov komissiyasi a'zosi Ellen Vayntraub esa hammasi joyida ekanini, ovoz berish jarayoni muammosiz o‘tishini aytgan.

«Bo‘hton kampaniyasi»

AQSh prezidentligiga nomzodlar saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘z raqiblari sha'niga har xil gaplarni gapirishi, hatto bo‘hton so‘qishi yangilik emas, xuddi hozirgi kabi. Nima ham deysiz, bu Amerika axir!

Trampning o‘g‘li tvitterda otasining raqibi Jo Baydenning qurolni taqiqlashini qo‘llab, «Bingo!» degani aks etgan videoparchani joyladi. Axir Bayden bundan avval qurol savdosini taqiqlamaslik kerak degandi-da. Ya'ni kichik Tramp shu tariqa Baydenni ikkiyuzlamachi va populistga chiqarmoqchi bo‘lgan. Aslida esa o‘sha videoning originalida Baydendan qurolni taqiqlash emas, avtomat savdosi taqiqlashga munosabatini so‘rashgan. Bayden avtomat savdosini to‘xtatish kerakligini qo‘llaydi. U bunday qurol sotib olganlardan qurolni pul berib qaytib olish kerak yoki uni ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilish lozimligini aytadi.

O‘z navbatida, demokratlar ham Trampning odamlardan qurolni olib qo‘yish kerakligi borasida aytgan gaplarining videosini tarqatib yurishadi. Vaholanki, Tramp bu borada gapirar ekan, qurol qotillarning qo‘liga tushib qolmasligi kerakligini aytgan.

Yaqinda Trampning saylovoldi shtabi ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga mamlakat bosh infeksionisti Entoni Fauchi go‘yoki AQSh prezidentining koronavirusga qarshi kurashdagi harakatlarini maqtagani ko‘ringan videoni joyladi. Vaholanki, o‘shanda Fauchi Trampni maqtamagan, aksincha o‘zining harakatlari haqida gapirgan. Fauchi Trampni doim tanqid qilishini esa voqealarni kuzatib yurganlar bilishadi.

Demokratlar tarqatgan yana bir videoda Tramp go‘yoki koronavirusni bo‘lmagan narsa deb atagani aks etgan. Aslida esa Tramp koronavirusni emas, unga qarshi qo‘llanayotgan choralarga demokratlarning munosabatini bo‘lmag‘ur deb atagan. Bunday bo‘htonlar tarqatishda tomonlar chegara bilmas fantaziyalardan foydalanishadi. Masalan, Tramp shtabi teledebatlarning birinchisida Baydenning qulog‘ida eshitish moslamasi bo‘lgani va unga gap o‘rgatib turishganini iddao qildi. Tabiiyki, bu ham isbotlanmagan fakt.

«Bin Lodin va Trampning qiyofadoshi»

Bu banddagi «uydirmalar» esa chinakam Hollivudcha janrda. Yaqinda tvitterda bir ma'lumot tarqaldi: emishki, 2011 yilda amerikalik harbiylar Pokistonda Usama bin Lodinni emas, uning qiyofadoshini o‘ldirishgan. Bu ma'lumotni MRBning o‘z ismini oshkor qilishni xohlamagan xodimi ma'lum qilgani aytildi. Unga ko‘ra, AQSh prezidentligiga nomzod va 2011 yilda vitse-prezident bo‘lgan Jo Bayden aslida Bin Lodin o‘ldirilmagani haqidagi ma'lumotni yashirishda qatnashgani ta'kidlangan.

Bu xabar haqidagi tvitni Tramp ham retvit qildi. Teledebat vaqtida undan nega tasdiqlanmagan xabarni tarqatishda qatnashganini so‘rashdi (axir uni tvitterda 87,3 milliondan ortiq odam o‘qiydi). Tramp esa xotirjam turib «Hammasini odamlarning o‘zi hal qilsin», dedi. Bin Lodinni yo‘q qilish operatsiyasida qatnashgan dengiz floti sobiq zobiti bu gapni operatsiyada halok bo‘lgan qahramonlarning ruhiga hurmatsizlik deb atadi.

O‘z navbatida, Tramp haqida ham shunga o‘xshash safsata tarqaldi. Internetda koronavirus yuqtirgach, odamlar oldiga chiqqan Tramp haqiqiy emasligi, uni qiyofadoshi bilan almashtirib qo‘yishgani haqida gaplar paydo bo‘ldi. Bu farazning «isboti» sifatida Trampning kasalxonaga tushgandan oldingi va keyingi suratlari taqqoslandi. Albatta, ko‘pchilik buni hazil sifatida qabul qildi, lekin unga ishonganlar ham bor edi.

Darvoqe, saylov kampaniyasida qiyofadosh qatnashgani borasida eng mashhur mojaro 2018 yil Nigeriyada sodir bo‘lgandi. O‘shanda amaldagi prezident Muhammad Buxoriy vafot etgani va uning o‘rniga qiyofadoshi odamlar oldiga chiqayotgani haqida gaplar shunchalik ko‘payib ketgandiki, oqibatda prezident odamlar orasiga kirib, «Ishoning, men haqiqiyman», deyishga majbur bo‘lgandi. Tramp esa hozircha o‘zining haqiqiyligini isbotlashga majbur bo‘lgani yo‘q.

Mavzuga oid