Qo‘mita a'zosi Farhod Boqiyev jamoat xavfsizligini ta'minlashda yuz berayotgan salbiy voqealar haqida gapirdi.

«Bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, o‘zaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qo‘rqitish yoki ularni qo‘llash kabi harakatlar ko‘plab uchramoqda.

Ichki ishlar tomonidan 2017-2019 yillarda fuqarolar tomonidan ko‘cha-ko‘yda, bozorda, ta'lim muassasalarida sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni erkin, bemaqsad olib yurgani bilan bog‘liq 10 ming 65ta holat aniqlangan, shundan 6 ming 835tasi (68 foizi) yonida olib yurilgan pichoqlar bo‘lgan.

2020 yilning 8 oyida esa 14 ming 957ta shunday holat aniqlangan bo‘lsa, shundan 12 ming 762tasi (85 foizi) pichoqlar, qolgani boshqa turdagi predmetlar bo‘lgan. Mazkur predmetlarning 58 foizi ko‘chada, 22 foizi bozorlarda, eng achinarlisi, 24 foizi ta'lim muassasalalarida voyaga yetmaganlar tomonidan yonda olib yurilgan.

Buning oqibatida esa aynan o‘tkir tig‘li predmetlardan foydalangan holda 542ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 168tasi (31 foizi) qotillik bo‘lgan. 289tasi (58 foizi) og‘ir tan jarohati yetkazish kabi salbiy holatlar yuz berishiga sabab bo‘lgan.

Fuqarolar, ayniqsa yoshlar tomonidan yonida pichoq olib yurish bilan bog‘liq bo‘lgan qotillik, jinoyat holatlarining bugungi kunda ko‘plab uchrab borayotgani hech kimga sir emas», dedi Farhod Boqiyev.

Shu sababli jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani aytildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining 2-qismidagi bandlar o‘zgartirilmoqda.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari to‘ldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalari qo‘shilmoqda.

1852-moddaning 1-qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.