Jamiyat | 19:43 / 26.10.2020
14120
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Remdesivir»ning bir qutisini 750 mingdan sotayotgan uch fuqaro qo‘lga olindi

Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlarida juda ko‘p miqdordagi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Foto: EPA/TASS

Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.A., Q.N. va B.D.lar koronavirus pandemiyasi tufayli aholi tomonidan iste'mol talabi yuqori bo‘lgan, xorijda ishlab chiqarilgan 85 quti «Remdesevir 100 mg» dorisining har bir qutisini 750 ming so‘mdan hisoblab, jami 6 200 dollarga fuqaro M.A.ga dorixonadan tashqarida qonunga xilof ravishda sotishgan vaqtda ushlanib, ulardan 85 quti «Remdesevir 100 mg» dori vositasi; bundan tashqari, B.D.ning boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning salonidan 135 quti «Remdesevir 100 mg» dori vositasi, jami taxminiy qiymati 165 mln so‘mlik, 220 quti «Remdesevir 100 mg» dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan fuqaro M.P.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.X. boshqalar bilan til biriktirib, dori vositalari narxlarini sun'iy ravishda oshirib, M.P.ga hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan «Propinem 100 mg» dorisining har bir donasini 90 ming so‘mdan 500 donasini jami 45 mln so‘mga, «Meropenem 1ml flakonda» dori vositasini har bir donasini 50 ming so‘mdan 1 000 donasini jami 50 mln so‘mga va «Bisiklol 25 mg» har bir qutisini 265 ming so‘mdan 300 qutisini jami 79,5 mln so‘mga, hammasi bo‘lib 3 xil turdagi dori vositalarini 174,5 mln so‘mga sotishga kelishib, undan 13 550 dollar va 34,9 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A.Yu. fuqaro S.X.ga «Indvir 100 ml» dori vositasining har bir qutisini 100 dollardan hisoblab, 100 qutini jami 10 000 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan va tadbirda fuqaro A.Yu.dan jami 108 quti 74,2 mln so‘mlik «Indvir 100 ml» dorisi ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Mavzuga oid