21:15 / 30.10.2020
5218

Apple 100 milliard dollarga arzonlashib ketdi

Apple 2020 moliya yilining 4-choragi bo‘yicha o‘z hisobotini taqdim qilgandan keyin uning aksiyalari 5 foizga arzonlashib ketdi. Buning natijasida kompaniyaning bozor qiymati 100 mlrd dollarga qisqardi. 

Foto: CHANDAN KHANNA / AFP

Hisobotga ko‘ra, kompaniyaning 26 sentyabrda yakunlangan 4-chorak bo‘yicha iPhone smartfonlari savdosidan olgan tushumi 26,4 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu esa 2019 yilning 4-choragiga nisbatan 20,7 foiz kamroqni tashkil qilgan. Jumladan, kompaniyaning Xitoyda ayfonlar savdosi hajmi 29 foizga qisqarib, 7,9 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu qisqarish kompaniya pandemiya sababli yangi smartfonlari chiqarilishini keyinroqqa qoldirgani bilan bog‘langan.  

Biroq kompaniyaning 4-chorakdagi umumiy tushumi 2019 yildagiga nisbatan biroz ko‘proqni tashkil qilgan va 64,7 mlrd dollarga yetgan. Bunga Mac kompyuterlari, AirPods quloqchinlari va boshqa aksessuarlar savdosi evaziga erishilgan.   

Apple joriy sentyabrda 12 yil ichida birinchi marta o‘z taqdimotini iPhone’ning yangi modellarisiz o‘tkazdi. Bunga pandemiya sababli butlovchi qismlar yetkazilishidagi ushlanishlar sabab bo‘lgan. Kompaniya yangi smartfonlarini keyinroq, 13 oktyabrda taqdim qildi.

Mavzuga oid
Top