O‘zbekiston | 07:56 / 31.10.2020
4637
3 daqiqa o‘qiladi

Senator: «Oliy pedagogika ta'limi oliy ta'lim tizimida 60-70 yildan beri eng kuchsizi bo‘lib qolgan» 

Joriy yilning 30 oktabr kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda prezidentning “Mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Konferensiya davomida senat a'zolari O‘zbekiston ta'lim tizimida eng og‘riqli bo‘lib kelayotgan muammolarga birma-bir to‘xtalib, ularning yechimlari yuzasidan fikr bildirishdi. 

Jumladan, konferensiyada qatnashgan ekspertlarning ta'kidlashicha, o‘zbek ta'limidagi barcha muammolar maktab va bog‘cha ta'limiga borib taqaladi. 

SamDU rektori Rustam Xolmurodov oliy pedagogika ta'limi tizimidagi muammolar haqida gapirdi. “Maktabni saviyasiz bilim bilan bitirgan o‘quvchi OTMga boryapti. Bola u yerni ham past bilim bilan bitirib, maktab yoki bog‘chaga ishga qaytadi. Tushunish kerak axir, oliy ta'lim muassasalari yetuk pedagoglar yetkazib bermaguncha maktab va bog‘cha ta'limida o‘zgarish bo‘lmaydi, qilolmaymiz.

Tan olaylik, O‘zbekistondagi oliy pedagogika ta'limi respublika oliy ta'limi ichida qariyb 60-70 yildan beri eng kuchsizi bo‘lib qolmoqda”, - dedi senat a'zosi.

Tadbirda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov tibbiyot sohasida ham kadrlar salohiyati yetarli darajada emasligini aytdi. “Respublika bo‘yicha magistratura allergolog mutaxassisligiga bor-yo‘g‘i 2ta o‘rin ajratilgan. Buni qarangki, bu yo‘nalishga uch kishi hujjat topshirgan. Lekin uchalasi ham past ball to‘plagani bois o‘tolmagan. Bu ertaga respublikada shu mutaxassislik bo‘yicha kadr yetishmasligini keltirib chiqaradi”, - dedi qo‘mita raisi.

Senat a'zosi Shomansur Sa'dullayevga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda bolalar tarbiyasida ota-onalar mas'uliyati tushib bormoqda. Ayrim ota-onalar bola tarbiyasini faqat o‘qituvchining ishi deya qarashga o‘rganib qoldi.

“Hozir bolalar maktabda 6 soat o‘qiydi, keyin oilasiga boradi. Tan olaylik, so‘nggi paytlarda oilada bola tarbiyasiga e'tibor kamayib ketdi. Shuning uchun, mana shu farmonga bolaning ta'limiga ota-onalar mas'ul degan bandni ham kiritishimiz kerak. Chunki davlatning rivojlanishiga nafaqat o‘qituvchi, balki har bir ota-ona, har bir fuqaro mas'ul. 

Istalgan tanishlaringizni ko‘ring, ishi televizorda serial ko‘rib, telefonda gaplashish. Inson kapitali esa maktabga tashlab qo‘yilgan. 

Bola bilan birga dars qilish, uning dunyoqarashini tahlil qilish masalalari o‘ta past  darajada. Shu masalani ko‘tarib, farmonga kiritsak oilaga, mahallaga katta mas'uliyat bo‘lardi”.

Ma'lumot uchun, prezidentning ushbu farmoni loyihasida O‘zbekistonda ta'lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba yoshlarda intellektual salohiyatni oshirish, ta'lim tizimi bilan ilm-fan sohasini integratsiyalash kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid