O‘zbekiston | 14:09 / 01.11.2020
11947
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtomobil o‘g‘riligini kamaytirish maqsadida yuvish shoxobchalari xodimlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Murodilla Aliqoriyev 29 va 30 oktabr kunlari poytaxtdagi avtomashina yuvish va shu kabi xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 217 ta tashkilot vakillari bilan uchrashdi.

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, uchrashuvlardan maqsad – ushbu korxonalar xodimlarining mijozlarga qarashli avtomobillardan o‘z maqsadida foydalanishi va olib qochishi kabi jinoyatlarning oldini olish.

Tashkilot rahbarlari ular ishga olayotgan shaxslar uchun mas'ulliklari haqida ogohlantirilgan.

«Ishchilarning mas'uliyat hududini belgilash, ma'lumotlarini qayd etish ham rahbarning vazifasi ekani qayd etildi. Shu bilan birga, ishchilarni mijozning avtomobili kalitini olishlariga yo‘l qo‘ymasdan, buning o‘rniga barcha mijozlardan kalitlarni oluvchi bitta mas'ul shaxsni tayinlash tavsiya etildi.

O‘z navbatida, mazkur tashkilotlar rahbarlari ishga qabul qilinayotgan shaxslarning ma'lumotlarini tekshirish qiyinligini, bunda hududiy ichki ishlar organlarining yordami kerakligini aytishdi. Mazkur iltimos qondirildi, endi avtomobil yuvish shoxobchasi rahbari profilaktika inspektorlari bilan birgalikda ishga olinayotgan shaxslarning ma'lumotlari haqqoniyligini tekshirishi mumkin.

Shu bilan birga, ishga olinayotgan shaxs qidiruvda emasligini, xususan, ilgari avtomobil olib qochmaganini tekshirish mumkin», – deyiladi xabarda.

Poytaxt IIBB haydovchilarga murojaat bilan chiqqan:

«Hurmatli transport vositalari haydovchilari! Sizdan ham mazkur muammoga jiddiy yondashishni va mashinangizning kalitini avtomobil yuvish shoxobchasining oddiy ishchilariga bermaslikni so‘raymiz. Unutmang, siz yo‘qligingizda avtomobilingiz turli maqsadlarda ishlatilishi mumkin. Muammo chiqishidan oldin to‘g‘ri yo‘l tutib o‘z vaqtingiz va asabingizni asrang».

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid