O‘zbekiston | 09:29 / 02.11.2020
22255
2 daqiqa o‘qiladi

1 noyabrdan «gaz zapravka»lar ish tartibiga o‘zgartirish kiritilmagan – Energetika vazirligi

Energetika vazirligi avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalariga (AGQKSh) gaz yetkazib berish shartlari hozirda ko‘rib chiqilayotganligini ma'lum qildi. 2020 yil 1 noyabrdan gaz yetkazib berishga cheklovlar joriy etilishi rejalashtirilayotgandi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab AGQKShning ish tartibiga hozircha hech qanday o‘zgartirish kiritilmagan.

Toshkent shahrida 54ta gaz taqsimlash stansiyalarida yangi ish jadvali joriy etilishi va navbatma-navbat (birdaniga emas), har uch kunda bir marta soat 19:00dan 7:00ga qadar gaz ta'minotini to‘xtatib turish rejalashtirilgan edi.

Bildirilishicha, ushbu choralar aholi va ijtimoiy soha obektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta'minlashga qaratilgan. Bunga sabab iste'molning yuqori (pik) soatlarida yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi gaz iste'moli tufayli bosim kamayib ketadi.

«Hozirgi kunda ushbu cheklovchi choralarni qo‘llash mexanizmi qayta ko‘rib chiqilmoqda va qabul qilingan xulosalar haqida o‘z vaqtida ma'lumot beriladi», – deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Avvalroq Energetika vazirligi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning tabiiy gazdan foydalanishiga doir cheklovlar zarur chora hisoblanishini bildirgandi

Mavzuga oid