O‘zbekiston | 08:09 / 02.11.2020
10855
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi: xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning tabiiy gazdan foydalanishiga doir cheklovlar zarur chora hisoblanadi 

Kuz-qish davrida tabiiy gaz ta'minotida aholi va ijtimoiy soha obektlariga ustuvor ahamiyat beriladi.

Energetika vazirligi ta'minot quvvatlarini oshirish maqsadida gaz ta'minoti korxonalari tomonidan mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib borilayotgani, bu esa iste'molni oshirish paytida tabiiy gazni teng taqsimlash imkoniyatiga ega emasligini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, tabiiy gaz taqsimotini muvozanatlashtirish bo‘yicha maxsus vaqtinchalik choralar ko‘rilmoqda. Bu uylar, xonadonlar, maktablar, bolalar bog‘chalari va shifoxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta'minlash imkonini beradi.

«Barcha tadbirkorlik sub'yektlarining O‘zbekistonda so‘nggi yillarda muqobil yoqilg‘i turlariga (suyultirilgan gaz, ko‘mir va boshqalar) bosqichma-bosqich o‘tish dasturi amalga oshirilayotganidan xabari bor.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning amaldagi shartnomalarida kuz-qish davrida gaz yetkazib berishga cheklovlar kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shuning uchun ham ular muqobil yonilg‘i manbalariga ega bo‘lishlari kerak.

Qisqa muddatlarda kuz-qish mavsumida muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

2020 yilning 1 noyabridan joriy etilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari (restoran, kafe) uchun tabiiy gazdan foydalanishga doir cheklovlar tabiiy gaz sotib olish bo‘yicha shartnomalarda ko‘zda tutilgan zarur chora hisoblanadi», - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

O‘tgan yillarda joriy etilgan muqobil yoqilg‘i manbalariga o‘tishning davlat dasturiga muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste'molchilar 2020-2021 yillar kuz-qish davri boshlanishi arafasida tegishli bildirishnomalarni olgani aytiladi.

Shu kunlarda poytaxtning yuqori bosimli gaz quvurlariga ulangan yirik ulgurji iste'molchilar “Hududgazta'minot” AJdan aholi va ijtimoiy soha obektlariga gaz yetkazib berish barqarorligiga ta'sir ko‘rsatmaslik uchun ularni “sanoat kollektori”ga o‘tkazish to‘g‘risida xabarnoma olgan. 

Toshkent shahrining mavsumiy iste'molchilariga (g‘isht, gips ohak va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yirik sanoat korxonalari) tabiiy gaz yetkazib berish 1 noyabrdan to‘xtatilishi to‘g‘risida xabar berildi.

«Kuz-qish davrida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan ulgurji iste'molchilar, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalari muqobil yoqilg‘idan foydalanishga o‘tish uchun faol choralar ko‘rishi kerak. Oldinda yilning sovuq mavsumi turibdi, shuning uchun tabiiy gaz ta'minoti uzilishlarsiz va kerakli hajmda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari, shifoxonalar va ta'lim muassasalariga yetkazib berilishi kerak», – deya yakunlangan Energetika vazirligi ma'lumoti.

Mavzuga oid