Avtotransport vositasini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi o‘zgartirildi
Davlat bojxona qo‘mitasi “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar” to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Hujjat prezidentning 2020 yil 5 iyuldagi PF-6005-son "Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq qabul qilingan.
Norma’ning xabar berishicha, nizomning 7-bandida aniqlashtirilishicha, avtotransport vositasini qaytarib olib chiqishda majburiyatnoma tuziladi, u "Avto" yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kirish bojxona posti xodimi tomonidan davlat, rus va ingliz tillaridan birida chop etiladi hamda xorijiy avtotransport vositasining egasiga beriladi.
Nizom quyidagi mazmundagi 12-1-band bilan to‘ldirildi:
“Vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan haydovchi bojxona organiga avtotransport vositasini vaqtincha saqlash uchun yozma yoki elektron tarzda murojaat qilgan taqdirda, ushbu avtotransport vositasi bojxona organi tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun 16-bandda ko‘rsatilgan yig‘im to‘lanmaydi, bundan avtotransport vositasini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mustasno hisoblanadi”.
17-bandning yangi tahriri endi vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin ushbu muddatni uzaytirish uchun xorijiy avtotransport vositasining egasi belgilangan muddat tugashidan avval xorijiy avtotransport vositasi turgan joydagi bojxona postiga muddatni uzaytirishni so‘rab yoki elektron tarzda masofadan to‘lovlarni amalga oshirgan holda real vaqt rejimida murojaat qilishi zarurligini nazarda tutadi. Murojaatga 16-bandda nazarda tutilgan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasini ilova qilish lozim. Tegishli bojxona posti muddatni yig‘im qancha muddat uchun to‘langan bo‘lsa, shuncha muddatga uzaytiradi va "Avto" tizimida uning muddati uzaytirilganligi to‘g‘risidagi axborotni kiritadi.
Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bandiga ko‘ra, xorijiy avtotransport vositasi O‘zbekiston Respublikasiga kirishida kirish bojxona posti xodimi tomonidan "Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma" rasmiylashtiriladi.
Qarorda nizomga boshqa o‘zgartirishlar ham nazarda tutilgan.
Hujjat 26.01.2021 yildan kuchga kiradi.
Mavzuga oid
17:56 / 06.11.2024
Tezkor qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari bojdan ozod qilindi
12:37 / 05.11.2024
Sirdaryoda buvi va nevara qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi
08:30 / 02.11.2024
Avtotransportning vazni va hajmi ustidan nazorat xususiy sektorga o‘tkaziladi
15:30 / 23.10.2024