Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy Avstraliyadan muhim xomashyolar importini to‘xtatmoqda
Xitoy hukumati 6 noyabrdan Avstraliyadan kamida 7ta turdagi tovarlarni, jumladan, ko‘mir, mis, yog‘och, arpa, shakar, vino va lbsterlar sotib olishni to‘xtatmoqda. Tahlilchilarning fikricha, Xitoy shu tariqa Avstraliyani jazolashga qaror qilgan.
Shu bilan birga, Xitoy Avstraliyadan import qiluvchi xomashyolar orasida o‘zi uchun eng muhim bo‘lgan xomashyo - temir rudasiga cheklovlar kiritmagan.
Xaridlarni to‘xtatish haqidagi ko‘rsatma yirik treyderlarga og‘zaki ravishda berilgan. Ta'kidlanishicha, bu Xitoy va Avstraliya o‘rtasida 2018 yilda boshlangan qarama-qarshilikdagi navbatdagi qadam hisoblanadi. O‘shanda Avstraliya xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z hududida Huawei kompaniyasiga 5G tarmoqlarini o‘rnatishga ruxsat bermagan. Bundan tashqari, Avstraliya hukumati koronavirus kelib chiqishi borasida xalqaro tergov o‘tkazishga va uni tarqatishda aybdorni topishga chaqirgandan keyin ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat yanada keskinlashgan.
Xitoy Avstraliya eksporti uchun eng yirik bozor hisoblanadi. 2019 yilda Xitoy Avstraliyadan 104 mlrd dollarlik xomashyo va tovarlar sotib olgan. Avstraliya Xitoyga unga zarur bo‘lgan temir rudaning 60 foizini, kokslanadigan ko‘mirning 60 foizini, suyultirilgan tabiiy gazning 50 foizdan ko‘prog‘ini, misning 5 foizini (1,05 mln tonna) yetkazadi. Avstraliya, shuningdek, Xitoyga vinoning eng yirik eksportchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, Xitoy Avstraliyadan har yil 170 ming tonna shakar xarid qiladi.
Avvalroq Xitoy hukumati sanitar me'yorlarga to‘g‘ri kelmasligi vaji ostida Avstraliyadan mol go‘shti va arpaning bir qismi importini to‘xtatgandi.
Sidneydagi Lowy Institute tahliliy markazi xodimi Richard Makgregor Bloomberg axborot agentligiga bergan intervyuda “Xitoy shu yo‘l bilan Avstraliyani jazolashga va buni qolganlarga o‘rnak qilib ko‘rsatishga qat'iyan qaror qilgan”, deb aytgan. “Ular [Xitoy] siyosiy ziddiyatlar o‘z bahosiga ega ekanini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi”, deb qo‘shimcha qilgan tahlilchi.