Jahon | 23:23 / 03.11.2020
8130
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa koronavirusning dunyoga tarqalishining bosh manbasi deb ataldi

Foto: Burak Akbulut/Anadolu Agency via Getty Images

Haddersfild universiteti (Angliya) va Minyu universiteti (Portugaliya) genetiklari koronavirus pandemiyasining bosh manbasi Xitoy emas, Yevropa ekanini aytishmoqda. Ular bunday xulosaga koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi xaritasini tuzish orqali kelishgan. 

Olimlarning aytishicha, virus haqiqatan ham Xitoyda paydo bo‘lgan, biroq u Amerika va dunyoning boshqa burchaklariga to‘g‘ri Xitoydan emas, balki Yevropa orqali tarqalgan. Koronavirus avj olgandan keyin harakatlanishga nisbatan kiritilgan cheklovlar esa sezilarsiz bo‘lgan va kech kiritilgan.

Tadqiqot rahbari, klinik genetik Tereza Ritoning tushuntirishicha, u hamkasblari bilan 26,8 ming virus genomidan foydalanib, koronavirus mutatsiyasi bilan bog‘liq 20,2 ming hodisani o‘zaro taqqoslagan. 

“Olingan natijalar virus Xitoyda paydo bo‘lganini, uning dastlabki versiyasi 2020 yil yanvar oyi davomida tarqalganini ko‘rsatdi. Biroq virus Yevropaga tushgach, sezilarli o‘zgarishlarga uchragan va aynan shu mutatsiya dunyoning turli burchaklarida aniqlangan aksariyat kasallanish holatlariga sabab bo‘lgan. U hattoki Sharqiy Osiyoga qaytib kelgan”, – deb aytgan Rito. 

Olimlarning fikricha, mart oyining ikkinchi yarmida Xitoy bilan transport aloqasiga kiritilgan taqiqlov virus tarqalishi sur'atlarini pasaytirishga yordam bergan. Biroq, umuman olganda, ushbu choralar samarasi past bo‘lgan, chunki Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi hamda Yevropa ichidagi harakatlanish aprelda davom etgan.

 

Mavzuga oid