O‘zbekiston | 15:48 / 04.11.2020
5895
3 daqiqa o‘qiladi

«Orolga hayot bag‘ishla» xalqaro onlayn-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

4 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «Orolga hayot bag‘ishla» mavzusidagi xalqaro onlayn-konferensiya tashkil etildi.

Foto: Telegraf.com

Anjumanning maqsadi Orol dengizi fojiasi to‘g‘risida xabardorlikni global miqyosda oshirishdan iborat. Tadbirda BMT, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, ekolog-olimlar, inflyuyenserlar, OAV xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 2021 yilning 14-15 may kunlari Mo‘ynoqdagi «Kemalar qabristoni» atrofida elektron musiqa, san'at va fan festivali bo‘lib o‘tadi. Tadbirga mahalliy guruhlar bilan birga 20 ga yaqin xorijlik dijyeylar kelishi kutilmoqda.

2017 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan festival notijoriy maqsadlarni: Orol fojiasiga jamoatchilik e'tiborini ko‘proq jalb qilish, hududga sayyohlarni chorlash va yangi iste'dodlarni kashf qilishni ko‘zlagan. Asosan hukumat va homiylar ko‘magida tashkil qilinadi.

Shuningdek, tadbir doirasida insoniyat faoliyatining bugunimiz va kelajakka ta'siri muhokama qilinadigan «Stixiya N+1» forumi ham tashkil qilinadi.

Ma'lum qilinishicha, Oroldagi ekologik fojia oqibatida paydo bo‘lgan Orolqum cho‘lining chang va tuz bo‘ronlari Yevropa va Osiyoning tog‘li hududlari, hatto Antarktika pingvinlarida ham topilgan.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi xalqaro tajriba asosida cho‘llanishni qisqartirishga urinmoqda. Xususan, Yaponiyaning OYo korporatsiyasi bilan yopiq ildiz tizimida blokli inkubatorlarda cho‘l ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha tajriba o‘tkazilmoqda. Keyinchalik ushbu ko‘chatlar Orolning qurigan tublariga ekiladi. Bundan tashqari Qoraqalpog‘istonning sug‘oriladigan yerlarini tomchilatib sug‘orish tizimi o‘tkazish ishlari ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari «Oroldagi bog‘im» agro-ekoturizm innovatsion loyihasi yordamida Oroldagi vaziyatni yaxshilashga har bir odam yordam berishi mumkin. Bunda aralforest.org veb-sayti orqali cho‘llanish hududiga ko‘chatlar ekish buyurtma qilinadi.

Shuningdek, konferensiyada ekologik fojianing oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlari mahalliy aholini ish bilan ta'minlash, turmush sharoitini yaxshilash nuqtai nazaridan mintaqada ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish ekanligi aytildi.

Mavzuga oid