Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari kengashida ishtirok etdi
Qozog‘istonning Ostona shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. 2027 yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Prezident raislikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlat rahbari ushbu jamg‘arma mamlakatlar mustaqilligining ilk davrida Markaziy Osiyodagi suv bilan bog‘liq, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sohalardagi eng muhim masalalarni hal etish uchun tashkil etilgan noyob mintaqaviy tuzilma bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
«Jamg‘arma mintaqada sifat jihatdan yangi davlatlararo munosabatlarni qaror toptirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik tizimi tufayli Jamg‘arma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni ta’minlashga erishdi. Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim o‘zgarishlari va suv iste’moli ko‘payib borayotgan sharoitda Jamg‘armaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda», dedi Mirziyoyev.
Ekspertlarning baholariga ko‘ra, 2040 yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.
«Shunday bir paytda mamlakatlarimiz suv resurslaridan foydalanish samaradorligi bo‘yicha eng quyi o‘rinlarni egallab turibdi. Qishloq xo‘jaligida bir dollar miqdoridagi qo‘shilgan qiymatni yaratish uchun davlatlarimiz deyarli uch kub metr suv sarf etmoqda, dunyoda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha ikki barobar kam. Mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat bizdan suv-energetika va ekologiya sohalarida puxta o‘ylangan hamda kompleks yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi», dedi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, 2027 yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Prezident raislikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
«Birinchi. Jamg‘armaning faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish. Yaratilgan poydevor asosida Jamg‘armaning tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni ta’minlash zarur. Jamg‘arma organlarining vakolatlarini kengaytirish, maqomi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchim komilki, ushbu masalalarning barchasi bo‘yicha oqilona murosaga kelamiz.
Ikkinchi. Jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish. Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy rivojlanishning asosiy siyosiy yo‘nalishlarini shakllantirmoqda. Shu bois, mazkur sammitlar qarorlari va Jamg‘arma faoliyati o‘rtasida yaqin aloqani ta’minlash muhimdir.
Uchinchi. Jamg‘arma dastur va loyihalari samaradorligini oshirish. Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur doirasida 34 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Afsuski, bugungi kunga qadar uning natijadorligini baholash bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan. Shu munosabat bilan biz dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning hal qiluvchi indikatorlarini kiritishni taklif etamiz. Bu ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish, muammoli jihatlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlardan qo‘shimcha mablag‘ va texnik ko‘mak jalb etishga yordam beradi.
To‘rtinchi. Jamg‘armaning ustuvor dasturlari uchun mavjud ta’sirchan moliyalashtirish vositalaridan foydalanish. Masalan, BMT Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi platformasidan foydalanishni taklif etamiz. U moliyaviy resurslarni jamlash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. Biz Trast fondining mandati va geografik qamrovini birgalikda butun Orol dengizi havzasiga kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz mumkin. Bu barcha davlatlar hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investitsiyalarni yo‘naltirish imkonini beradi.
Beshinchi. Jamg‘arma va boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi suv-energetika masalalari, muzliklar va tog‘ ekotizimlarini saqlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Xususan, Jamg‘armaga Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Cho‘llanishga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda maqsadli loyihalarni amalga oshirishni taklif etamiz.
Oltinchi. Xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik an’analarini qayta tiklash. Ko‘rinib turibdiki, agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Uzluksiz ta’lim tizimi orqali – maktabgacha ta’lim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim. Biz asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif etamiz.
Shuni ta’kidlamoqchiman: ushbu ustuvor yo‘nalishlarning barchasini hayotga tatbiq etish uchun xalqaro sheriklar, moliya institutlari va ekspert-tahliliy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz», dedi Mirziyoyev.
Prezident Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.
«Bugungi kunda Afg‘onistonda qirg‘oqlarni mustahkamlash va melioratsiya ishlarini olib borish uchun xalqaro donorlarning moliyaviy mablag‘larini jalb etish dolzarbdir. Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afg‘onistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur», dedi Mirziyoyev.
Prezident 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni taklif etdi. Shuningdek, barchani joriy yilning sentabr oyi oxirida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumiga taklif qildi.
Mavzuga oid
17:25
Shavkat Mirziyoyev Ostonada Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasi bilan tanishdi
14:21
Prezident Markaziy Osiyoda iqlim muammolarini hal qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi
19:52 / 21.04.2026
Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi boshlandi
18:52 / 21.04.2026