Jahon | 07:48 / 04.11.2020
57978
4 daqiqa o‘qiladi

Tarixdagi eng dahshatli zilzilalar

Turkiyaning Izmir hududidagi zilzila tasvirlari ortidan bu tabiiy ofat g‘ulg‘ulasi yana insoniyat qalbini titratdi. Izmir zilzilasi keng tarqalayotgan videotasvirlar ta'sirida qanchalik ayanchli tuyilmasin, kuchli zilzilalarning yuzligiga ham kira olmaydi. E'tiboringizga yaqin va uzoq tarixdagi eng katta talafotlar keltirgan zilzilalar haqida ma'lumotlarni havola qilamiz.

Foto: Reuters

Yaqin 30 yil

So‘nggi o‘n yillikdagi eng vayronkor zilzila shubhasiz 2011 yilda Yaponiya sohillari yaqinida sodir bo‘lgan tabiiy ofatdir. Sohildan 72 km masofada, 30 km chuqurlikda kechgan tebranishlar magnitudasi 9 ballni tashkil qildi. 6 daqiqa davom etgan zilzila natijasida balandligi 40 metrdan ortiq sunami ko‘tarildi va aynan u eng katta talafotlarga sabab bo‘ldi.

Foto: Navy Photo

Bevosita qurbonlar soni 15 892 kishi bo‘ldi, 6 mingdan ortiq odam jarohatlandi, 2 676 kishi bedarak yo‘qoldi.

Tsunami natijasida «Fukusima» atom elektrostansiyasida avariya yuz berdi va bu umuman AESlar taqdiriga jiddiy soya soldi. Bu tabiiy ofat yapon iqtisodiyotiga 185–235 mlrd dollar zarar keltirgani hisoblab chiqilgan.

* * *

Foto: Istock

2008 yilning 12 may kechasida Xitoyda, Osiyo-Tinch okeani hududida sodir bo‘lgan zilzila kuchi nisbatan kam – 8 ball bo‘lsa-da, qurbonlar soni juda ko‘p – 69 195 kishi bo‘ldi. 18 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qoldi, 5–11 mln kishi boshpanasiz qoldi.

* * *

Foto: Dr. Roger Hutchison/NGDC

1995 yilning 17 yanvarida Yaponiyaning Kobe shahri yaqinidagi zilzila kuchi 6,9 ballga teng bo‘ldi. Ammo shu ham 150 mingdan ortiq binolarning vayron bo‘lishiga va 6 434 kishining joni uzilib, 300 mingdan ortiq inson boshpanasiz qolishiga kifoya qildi.

Iqtisodiy zarar ko‘lami 100 mlrd dollardan ortgani hisoblab chiqilgan. Qiziq fakt, bu tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda Yakudza mafiyasi vakillari ham faol ishtirok etganlar.

Moziy

Yuqoridagi uchlik haqida ko‘plab videolavhalar tarqalgan bo‘lsa-da, ular tarixdagi yirik zilzilalar oldida ancha xavfsiz kechgani seziladi.

Ashxobod zilzilasi

Sobiq ittifoq tarixidagi eng dahshatli zilzila sifatida qayd etilgan. 1948 yilning 5 va 6 oktabr kunlari sodir bo‘lgan tabiiy ofat kuchi 9 ballni tashkil etgan.

Ittifoq rejimining yopiqligi sabab qurbon bo‘lganlar haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. Manbalarda bir necha o‘n minglab qurbonlar haqida so‘z boradi.

Yana Yaponiya

Orollardan iborat bu o‘lkada har kuni turli quvvatdagi bir nechta zilzila sodir bo‘lishi oddiy hol hisoblanadi. Ammo 1923 yilning 1 sentyabrida sodir bo‘lgan tabiiy ofat tebranishlarga ko‘nikib qolgan kunchiqar yurt vakillarining qalbida o‘chmas dog‘ qoldirgani aniq.

8,3 balli bu zilzila natijasida 105 mingdan 142 minggacha kishi halok bo‘lgani, yana minglab kishilar bedarak yo‘qolgani va 2 millionga yaqin odam uysiz qolgani qayd etilgan.

Kalkutta zilzilasi

Zilzilaning o‘zi bir ofat, ammo uning aholi zich hududda sodir bo‘lishi zarar ko‘lamini bir necha karra oshirib yuboradi.

Hindiston tarixidagi eng vayronkor zilzila sifatida qayd etilgan Kalkutta zilzilasi 1737 yilda 300 ming odamning yostig‘ini quritgani taxmin qilinadi.

Xitoy – bir ofatda 830 ming inson

Tarixda milliondan ortiq odam o‘lgani haqida mish-mishlar yuradigan, ammo rasman qayd etilmagan va isbotlash qiyin bo‘lgan Qohir zilzilasi to‘g‘risida ham bitiklar mavjud. Ammo tarixchilar bunga katta shubha bilan qarashadi.

Biroq 1556 yilda Xitoyning Gansu va Shensi muzofotlaridagi zilzila atroflicha o‘rganilgan va uning oqibatlari chindan hayratlanarli. 830 ming kishining hayotiga nuqta qo‘ygan bu zilzila natijasida hudud yerida 20 metrdan ortiq chuqurlikdagi yoriqlar paydo bo‘lgan. Epimarkazdan 500 km masofadagi binolarga ham tebranish kuchidan zarar yetgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid