O‘zbekiston | 18:52 / 07.11.2020
12332
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘pkasida 5-10 foiz zotiljam bo‘lganlarni o‘zimiz uyda davoladik” – Toshkentdagi poliklinikada shifokorlar kuni nishonlandi

Joriy yilning 7 noyabr, shanba kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 19-sonli oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tibbiyot xodimlari kuni arafasida bo‘lib o‘tgan tadbirda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olishda jonbozlik ko‘rsatgan mehnat xodimlari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

19-sonli oilaviy poliklinika 37 ming aholiga xizmat qiladi. Poliklinikadagi 19 nafar umumiy amaliyot shifokorlari va umumiy amaliyot hamshiralari 7 ta mahallaga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelishmoqda.

– Karantin vaqtida hamshiralarimiz har kuni o‘rta hisobda 100 ta xonadondan xabar olishdi. Kasallik o‘chog‘iga kirib bemorlar holidan xabar olishga to‘g‘ri keldi va ular bilan bevosita muloqotda bo‘ldik. O‘pkasida 5-10 foiz zotiljam bo‘lganlarni o‘zimiz uyda davoladik”, – dedi poliklinika oilaviy shifokori Shoira Qodirova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shoira Qodirova

Infeksionist shifokor Surayyo Qurbonova poliklinikada davo topib chiqqan bemorlar, ularga ko‘rsatilgan yordam sifati haqida aytib berdi. Unga ko‘ra, mazkur poliklinikada jami 578 nafar bemor qabul qilingan.

– Bizning oilaviy poliklinikamizda 578 nafar koronavirusga chalingan bemorlarni davolash ishlarini olib bordik. Bu bemorlardan 568 nafari to‘liq sog‘lomlashtirildi. Ushbu bemorlarning 71-72 foizini davlatimiz tomonidan ajratilgan mobil guruhlar va koronavirusga qarshi dori jamlanmalari yordamida davoladik, – dedi poliklinika infeksionist shifokori Surayyo Qurbonova.

Taqdirlash marosimida poliklinika bosh shifokori Muharram Dadaxo‘jayeva shifokorlarga o‘zining iliq fikrlarini bildirdi.

– Butun yurtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman! Ushbu mashaqqatli, mas'uliyatli va shu bilan birga sharafli kasb egalariga xalqimizning sog‘lig‘ini saqlash yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar va ulkan zafarlar tilayman. Oilaviy baxt, xonadonlarida tinchlik-xotirjamlik va sog‘liq salomatlik ularni hech qachon tark etmasin, – deya tilak bildirdi M.Dadaxo‘jayeva.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid