O‘zbekiston | 08:42 / 07.11.2020
3658
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi

Qishloq xo‘jaligi sohasi va tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, fan, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash, hududlarning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsad qilingan.

Prezidentning “Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Xo‘jayev), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Ortiqov), Moliya vazirligi (Ishmetov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Sariyev)ning 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Institut Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha vorisi ekanligi belgilab qo‘yiladi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • respublikaning shimoliy mintaqasi uchun qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, “Aqlli qishloq xo‘jaligi” (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;
  • o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida sohaga oid innovatsion va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli hamda resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish;
  • xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida Institutning ilmiy-pedagogik kadrlarining malakasini oshirish va stajirovkalarini hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish;
  • ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;
  • professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligini va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “kichik innovatsion korxonalar” tashkil etish;
  • Institutning kafedralar ixtisosligi bo‘yicha talabalar va yosh olimlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish maqsadida ilmiy maktab va to‘garaklarni, shuningdek, “Yosh olimlar klubi”ni (Young Scholars Club) tashkil etish hamda keyinchalik eng iqtidorli yosh olimlarni xorijiy davlatlarga maqsadli ravishda o‘qishga va stajirovkaga yuborish;
  • o‘quv va boshqaruv jarayonini tashkil va nazorat qilishda axborot tizimlarini keng joriy qilish, talabalarning mustaqil ta'lim olishlari uchun masofaviy o‘qitish shaklini tatbiq etish orqali qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • zamonaviy texnologiyalar va interaktiv ta'lim uslublarini (E-Minbar elektron platformasi), talabalarning mustaqil o‘quv va amaliy faoliyatini (keys-stadi, kouching va boshqalar) rivojlantirish orqali amaliyot o‘tash, shuningdek, o‘qituvchi va talabaning o‘zaro masofaviy hamkorligini (vebinar texnologiyalar) ta'minlashga, ularda innovatsion va tahliliy fikrlashni rivojlantirishga mo‘ljallangan modulli, obektga yo‘naltirilgan va dinamik ta'lim muhitini (Moodle) keng joriy qilish;
  • kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga joriy etish borasida professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini me'yorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari, “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha ishlarning bajarilishini rag‘batlantirib borish;
  • xorijiy hamkorlar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta'lim (double degree) dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-ta'lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish;
  • istiqbolli yosh bitiruvchilarni respublika va xorijiy mamlakatlardagi yetakchi oliy ta'lim va ilmiy muassasalari magistratura va doktoranturasiga maqsadli ravishda yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid