O‘zbekiston | 15:30 / 10.11.2020
11423
5 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror: budjet prognozini bajarish uchun tadbirkorlardan 823 milliard so‘m ortiqcha soliq to‘lovi undirilgan

Bosh prokuror Farg‘onada soliq to‘lovlarini o‘zlashtirish uchun o‘ylab topilgan «noyob» sxema haqida gapirib berdi. U soliq organlarining pandemiyada tadbirkorlik sub'yektlariga nohaq munosabatda bo‘layotganini tanqid qildi.  

7 noyabr kuni korrupsiya masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan idoralararo yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev soliq organlarida ishlagan ayrim xodimlarning faoliyatini tanqid qildi. U davlat soliq siyosati va budjet tushumiga mas'ul idora soliq xizmati organlarini ham korrupsiyadan xoli emasligini bildirdi.

«Xususan, so‘nggi ikki yilda mansab vakolatlarini suiiste'mol qilgani uchun 31 nafar soliq xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Masalan, Dang‘ara tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari Turg‘unboyev korrupsiyaga moyilligi tufayli soliq organlaridan bo‘shatilgan Mo‘minov va Karimovni ishga qabul qilib, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan.

Ushbu firmalarda 268 milliard so‘mlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilib, 19 milliard so‘m soliq to‘lovidan qochishga erishilgan, shuningdek jinoiy yo‘l bilan topilgan 200 million so‘m legallashtirilgan. Hozirda Turg‘unboyev va uning 14 nafar jinoiy sheriklari sudda  javob bermoqda», — dedi bosh prokuror.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, Farg‘ona shahar soliq inspeksiyasi xodimlari budjet tushumi rejasini bajarish hamda budjet mablag‘larini o‘marishning «noyob» uslubini o‘ylab topishgan.

«Ular 52ta soliq to‘lovchi tashkilotning soliq bazasidagi hisobvaraqalariga jami 3,5 milliard so‘m soliq to‘langanligi haqida soxta ma'lumotlarni kiritib, go‘yoki ortiqcha to‘lovlarni hosil qilishgan. So‘ngra, sun'iy hosil qilingan ortiqcha to‘lovlarni o‘z egalariga qaytarish vaji bilan moliya bo‘limiga soxta xulosalarni ham taqdim etishdan tap tortishmagan. Shunday qilib, ular 1,2 milliard so‘mni o‘ziga tanish firmalar orqali talon-toroj qilishgan. O‘ylab ko‘ring, soliq idorasi rahbari firma tuzib, iqtisodiy jinoyatlarga boshchilik qilsa, boshqalari soliq uchun to‘langan mablag‘ni o‘zlashtirsa, insofli tadbirkorlar qatlamini shakllantirish va xufyona iqtisodiyotga barham berish haqida qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin?», — dedi u.

Ta'kidlanishicha, o‘tgan davrda 1781ta holat bo‘yicha 24 milliard so‘mlik qo‘shimcha mablag‘lar soliq bazasiga qamrab olinmagan. Jumladan, Buxoro viloyatida 1,7 milliard, Farg‘ona viloyatida 2,6 milliard, Toshkent shahrida 3,9 milliard, Samarqandda 4,2 milliard va Jizzaxda 11,9 milliard so‘mlik soliq hisoblanishi va undirilishi mumkin bo‘lgan aniq obektlar ro‘yxatga olinmagan.

«Buning sababi barchaga birdek ayon bo‘lsa kerak. Uddaburon soliqchilar soliq obektini ro‘yxatdan o‘tkazib, soliq bazasini kengaytirishdan umuman manfaatdor emas ko‘rinadi. Joylardagi mutasaddi rahbarlar esa buni na tahlil qiladi, na sababini chuqur o‘rganadi. Prokuror va departament xodimlari uxlamoqda. Buning mas'uliyati esa insofli tadbirkorlar zimmasiga tushmoqda. Masalan, budjet bashoratini bajarish uchun shu yilning o‘zida 18 mingga yaqin tadbirkordan 823 milliard so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan», — deya qo‘shimcha qildi bosh prokuror.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 104-moddasiga binoan, soliq organi ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olishni yoki qaytarishni rad etish to‘g‘risidagi qabul qilingan qaror haqida soliq to‘lovchiga bunday qaror qabul qilingan kundan e'tiboran uch kun ichida xabar qilishi shart.

Agar ortiqcha to‘langan soliq summasini soliq to‘lovchiga qaytarish ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilangan muddat buzilgan holda amalga oshirilsa, belgilangan muddatda qaytarilmagan summa uchun soliq to‘lovchiga qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun foizlar hisoblanadi. Ammo 3 ming 456ta tadbirkorlik sub'yektiga 2,2 milliard so‘mlik penyalar haligacha to‘lab berilmagan.

Bosh prokurorga ko‘ra, pandemiya tufayli berilgan imtiyozlar ham to‘liq qo‘llanilmasdan, hozirga qadar 2 ming 747ta sub'yektga qo‘yilgan 5,5 milliard so‘mlik inkasso topshirig‘i chaqirib olinmagan. 

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid