Jahon | 23:27 / 12.11.2020
6939
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Suriyaga yordam berish uchun 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi

Rossiya Suriyaning elektr tarmoqlari va sanoat komplekslarini tiklash hamda boshqa insonparvarlik maqsadlari uchun 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratdi. Bu haqda 11 noyabr kuni Qochqinlarni qaytarish bo‘yicha Rossiya–Suriya idoralararo muvofiqlashtirish shtabi rahbari Mixail Mizinsev ma'lum qildi.

Foto: RIA Novosti

«Gumanitar maqsadlar uchun, elektr tarmoqlari va sanoat ishlab chiqarishi hamda diniy ibodat obektlarini qayta tiklashga Rossiya 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratdi», – dedi Mizinsev qochqinlarni Suriyaga qaytarish mavzusidagi xalqaro konferensiyada.

«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, u nazarda tutgan mablag‘ qaysi vaqt oralig‘ida ajratilganiga aniqlik kiritmagan.

«Damashqda rus tilida Ochiq ta'lim markazi samarali faoliyat yuritmoqda. U yerda yuzdan ortiq rus tili o‘qituvchilari allaqachon malaka oshirish kurslaridan o‘tdilar. Hozirda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 1319 nafar Suriya fuqarosi tahsil olmoqda. 1,9 mingdan ziyod yosh mutaxassislar o‘qishni tugatdi», – degan Mixail Mizinsev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish va Suriya xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish doirasida Rossiya vazirliklari va idoralari ta'lim va tibbiyot, atrof-muhitni himoyalash va uy-joy qurilishi, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnika yo‘nalishlaridagi loyihalarni izchil tatbiq etmoqda.

Shuningdek, shtab rahbari Rossiya va BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi bilan 2020 va 2021 yillarda 20 million dollar miqdorida Suriyaga oziq-ovqat yordami ko‘rsatish uchun memorandum imzolaganini ham eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid