Jahon | 21:13 / 12.11.2020
9066
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya podshohi dunyoni Eronga qarshi «qat'iy pozitsiya» olishga chaqirdi

Foto: Bandar Algaloud / Courtesy of Saudi Royal Court / Handout via Reuters

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz ol-Saud jahon hamjamiyatini Eronning yadroviy va ballistik raketa dasturlarini ishlab chiqish harakatlarini ko‘rib chiqish uchun «hal qiluvchi pozitsiya»ni egallashga chorladi.

«Podshohlik Eronning mintaqadagi boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashuvi, terrorizmni kuchaytirishi, mazhabparastlik alangasini yoqishi xavfini alohida ta'kidlaydi va xalqaro hamjamiyatni Eronga qarshi qat'iy pozitsiya olishga chaqiradi. Bu orqali Eronni ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketalari dasturini qayta ko‘rib chiqishiga erishish lozim», – dedi podshoh 12 noyabr kuni hukumatning oliy darajali maslahat organidagi yillik murojaatida.

Bu haqda xabar bergan «Al-Jazira»ning eslab o‘tishicha, 84 yoshli hukmdor shu yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishida ham Eronning «ekspansionizm siyosati»ni qoralagan edi.

Sunniy musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Saudiya Arabistoni va shialar hukmronlik qilayotgan Eron mintaqadagi ikki yirik qarama-qarshi kuchlardir. Ular o‘rtasidagi adovat 5 yildan buyon Yamanda davom etayotgan urushda yaqqol ko‘rinadi. Saudlar boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Yamanda Tehron qo‘llab-quvvatlaydigan xusiylar bilan kurashmoqda.

So‘nggi bir yilda AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha yadroviy bitimdan chiqib, unga nisbatan qat'iy sanksiyalarni joriy etishi ortidan mintaqadagi vaziyat yana keskinlashgan.

Mavzuga oid