O‘zbekiston | 07:56 / 13.11.2020
46814
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida «damaschi»lardan kunlik ulush talab qilgan ayollar ushlandi

2020 yil 9 noyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani “Eshonguzar” QFYda yashovchi S.N. hamda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi E.Sh. Davlat xavfsizlik xizmatiga ariza bilan murojaat qilgan.

IIV Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, ular o‘zlarining “Damas” rusumli avtoulovlarida Toshkent viloyati Olmaliq shahri bo‘ylab qatnovchi 18-yo‘nalishda yo‘lovchi tashish uchun litsenziya olib ish boshlamoqchi bo‘lganlarida, Toshkent viloyati Olmaliq shahar Oydin bekatida bir necha shaxslar ularga ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borishlari uchun kuniga 90 000 so‘mdan 110 000 so‘mgacha (ulush) pul berib turishlari lozimligi, aks holda ularning avtoulovlariga shikast yetkazishlari mumkinligi hamda tegishli davlat idoralari tomonidan ularga nisbatan choralar ko‘rilishini uyushtirishlarini aytib, ularga tazyiq o‘tkazganligini ma'lum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ariza yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Yu.B., T.N., N.S., I.U. hamda A.A. oldindan til biriktirib, Toshkent viloyati Olmaliq shahri hududida qatnovchi 18-yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga bosim o‘tkazib, kuniga 90 000 so‘mdan 110 000 so‘mgacha pul talab qilayotganlari aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, ular talablariga bo‘ysunmaganlarga avtoulovlariga shikast yetkazishlari, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Transport boshqarmasi xodimlarini jalb qilib, reydlar tashkillashtirib, ularga faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘ymasliklarini aytib qo‘rqitganlar.

DXX, Transport prokuraturasi, Toshkent transport prokuraturasi hamda IIV Transportda XTBB xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida Toshkent viloyati Olmaliq shahri Oydin bekatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ariza muallifi S.N. hamda E.Sh.dan 1958 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Ohangaron shahar Qo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi T.N. va 1993 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Ohangaron tumani Xonobod ko‘chasida yashovchi N.S. Olmaliq shahri ichidagi 18-yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi tashish uchun bir kunlik 120 000 so‘m hamda 90 000 so‘m miqdordagi pullarni olgan vaqtida ushlandi.

Ushbu holat yuzasidan shu yil 10 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qism “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Mavzuga oid