O‘zbekiston | 22:42 / 14.11.2020
13684
5 daqiqa o‘qiladi

Tarix darsligi siyosiy targ‘ibot maydoniga aylanmasligi kerak – Shuhrat Sattorov bilan intervyu

13 noyabr kuni AOKA binosida «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident Mirziyoyev farmonining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Uni Xalq ta'lim vazirligi xuzuridagi Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorov olib bordi. Kun.uz muxbiri esa tadbir yakunida markaz direktori bilan maktablarda ta'lim sifati, jumladan, darsliklar mavzusida kichik intervyu uyushtirdi.

— Shuhrat aka, siz ta'lim sohasi, jumladan, maktablarda darsliklar tayyorlanishi va uning mazmuni bo‘yicha mas'ul shaxslardan birisiz.

Shu ma'noda, bugun ayrim darsliklarimiz, masalan, tarix fani darsligida siyosiy targ‘ibot chaqiriqlari, mavzular ko‘payib borayotgandek.

Darsliklar bu borada qanday nazoratdan o‘tmoqda va umuman, tarix fani darsligi qanday tayyorlanishi kerak deb o‘ylaysiz?

— Fikringiz to‘g‘ri, bugungi kunda barcha fan darsliklarida bu kabi muammolar bor. Mana shu faoliyatga kirishganimdan so‘ng, birinchi vazifa bu darsliklar tahlili bo‘lgan. Bu yagona xato emas. Darsliklarda imlo xatolaridan tortib, mana shunday ijtimoiy-ma'naviy va siyosiy xatoliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Ushbu darsliklarning aksariyati OTM professor ustozlari tomonidan yozilgan.

8-sinf O‘zbekiston tarixi fani darsligidan

— Mualliflar darsliklarni yozayotganda topshiriq olishadimi yoki o‘zlarining tashabbusi bo‘ladimi bu?

Shuhrat Sattorov

— Muammo shundaki, bugungi kungacha biz bugun ko‘tarib chiqayotgan dastur masalasida chalkashliklar bo‘lgan. Buning sababi esa standartlarning to‘g‘ri tuzilmaganligida. Darsliklarni sohaning kuchli professorlari tomonidan tuzilishi maqsadga muvofiq. Lekin bizda shu paytga qadar o‘quvchining mavzuni o‘zlashtirish darajasi hisobga olinmagan.

Darslik yozish xuddiki ilmiy hamjamiyatdagi kishilarning poygasiga o‘xshab qolgan. Ustoz va professorlar qanday bilimi bor bo‘lsa barchasini darslikka olib kirishga harakat qilishgan. Bu ularga dars soatlari va oylikni oshirishga xizmat qiladi.

Fikrimni bir misol bilan tushuntiraman, siz o‘quvchiga bir kosa ovqat bersangiz u ovqatni maza qilib yeydi va ikki-uch kundan keyin o‘sha ovqatni yana sog‘inadi. Lekin o‘quvchining oldiga bir paytning o‘zida uch kosa ovqat qo‘ysangiz, o‘quvchi ushbu ovqatdan bezib qoladi.

Shu nuqtai nazardan bizda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi hech qachon hisobga olinmagan.

Shuningdek, olimlarning qo‘liga aniq dastur va standartlar berilmagan. Hozir ham tarixni qanday o‘qitamiz degan savolga aniq javob yo‘q.

Sobiq ittifoq davrida darsliklardagi asosiy g‘oya siyosiy targ‘ibot bo‘lgan. Darsliklar Ittifoqning targ‘ibot-propaganda qurollaridan biridir degan fikrlar ham bo‘lgan. 

Mustaqillikdan keyin bizda jamiyat o‘zgardi, o‘zimizning mustaqil yo‘limizga ega bo‘ldik. Lekin darslik mualliflarida yondashuv o‘sha-o‘shaligicha qolib ketdi. Natijada o‘quvchilarda ko‘nikma shakllanmadi.

Hozir ham maktabdagi tarix darsliklarining bir sahifasida o‘n-o‘n beshta raqamlar berilganini ko‘ramiz. Ya'ni, o‘zbek darsliklari ko‘proq faktologiyaga asoslangan. Vaholanki, tarix o‘quvchida ko‘proq davrlarni solishtirish, taqqoslash yoki qaror qabul qilishni shakllantiradigan fanlardan biri.

Shaxsiy fikrimcha, biz tarix fani darsligida ko‘proq jamiyatlarning rivojlanish va yemirilish bosqichlariga ahamiyat qaratishimiz kerak. Va bu jarayonlarda shaxslarning o‘rni qanday bo‘lgani juda muhim. Qaytaraman, biz tarix darsligi orqali bolaga ko‘proq tarixiy shaxslarning qarorlarini, yondashuvlarini o‘rgatishimiz kerak.

Jamiyatlarni tarixda qaysi olimlar rivojlantirganiga ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak. Qandaydir eslab qolinishi kerak bo‘lgan yillar yoki faktologiyaga urg‘u beraverish shart emas.

Masalan, Janubiy Koreyadagi tahsilim davomida ularda tarix shunday o‘qitilishiga guvoh bo‘ldim.

O‘ylab ko‘ring tarixni yaxshi o‘qigan o‘quvchi aksariyat hollarda davlat boshqaruvidagi faol shaxslardan biriga aylanadi. Shuni hisobga olgan holda biz tarix yordamida o‘quvchilarda qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantirishimiz kerak.

Biz hozir tarixchi, tadqiqotchilar bilan birga o‘quvchilarning o‘zlashtirish natijalariga asoslangan holda tarixni yangicha yondashuv bilan o‘qitish dasturi ustida ishlamoqdamiz. Bunda ushbu dasturni birinchi navbatda jamoatchilik, olimlarimiz xususan fanlar akademiyasi qoshidagi tarix instituti bilan tayyorlab, keyin uning asosida darsliklarni yozishga kirishamiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzuga oid