Tosh haykallar siri
Yer yuzidagi eng chekka yashash joylaridan biri bo‘lgan Pasxa oroli, “moai” deb ataluvchi mingdan ortiq sirli, ulkan haykallari bilan mashhur. Pasxa oroli Tinch okeanining janubi-sharqidagi kichik orol, Chili davlatiga tegishli.
Pasxa oroli mahalliy aholi tilida “Rapa Nui” deb ham ataladi. Bu yerlarda minglab yil oldin mahalliy aholi “moai” deb ataladigan monolit toshlarini qo‘yishgan. Ular kashf etilganiga 300 yil bo‘lgan va hali ham olimlarni hayratda qoldirib keladi.
Vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan kimyoviy birlikdan oddiy qo‘l asboblari bilan yasalgan monolitlar nimaningdir yordami bilan tosh platformaga o‘rnatilgan. Bu haykallarning maqsadi nima edi, odamlar qanday qilib bu og‘irlikdagi monolitlarni boshqa joyga ko‘chira olishgan? Bular savol ostida.
Pasxa oroli odamlarining aytishicha, bu haykallar harakatlana olgan. Ba’zi yozuvchilarning iddao qilishicha, “moai”larni faqat yo‘q bo‘lib ketgan sivilizatsiyalar yoki o‘zga sayyoraliklar joylashtirgan bo‘lishi mumkin. Ilmiy manbalar esa haykallar ramkalar yordamida ko‘chirib o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin degan fikrda.

Yaqinda arxeologlar Pasxa oroli aholisi aytgani to‘g‘ri bo‘lganini aniqladi: haykallarni yigirma chog‘li odam arqonlar yordamida bir tomondan ikkinchi tomonga siltab “yurgizishi” mumkin. Yevropa tadqiqotchilari kelishganda ko‘plab “moai”lar ag‘darilgan holatda bo‘lgan va ularning asl ma’nosi anglashilmagan. Ehtimol, urushayotgan tomonlar o‘rtasidagi kuch ramzi yoki diniy mazmunga ega tinchlikni aks ettiruvchi haykallar bo‘lishi mumkin.
Karnak toshlari

Fransiyaning Karnak qishlog‘ida joylashgan 3 mingdan ortiq toshlarning tarixi ham sirligicha qolmoqda. Yomg‘ir va shamollar ta’sirida egilganday ko‘rinish olgan bu toshlar 3 kmgacha cho‘zilgan, xuddi shohko‘cha tasvirini shakllantirib beradi. Garchi bu toshlar minglab yillardan beri bir joyda turgan bo‘lsa ham, ularning nega bu maqsadda joylashtirilganini hech kim tushuntirib berolgan emas.

Ushbu megalitlar Breton madaniyati to‘lqini ostida muqaddas deb tan olingan. Ularning yuzasiga qadimgi rimliklar o‘z xudolarini tasvirlashgan, keyinroq esa xristianlar o‘zlarining ramzlarini qo‘shishadi. Bir afsonaga ko‘ra, toshlar avliyo Karnelini quvgan askarlardir. Ular avliyo Karnelini quvib kelayotgan paytda avliyo ortiga o‘giriladi va askarlarni toshga aylantirib qo‘yadi, deyiladi afsonada.






















