Irqiy kamsitishni qonuniylashtirish

Ne tongki, Buyuk Britaniya koloniyalari bo‘ylab ozodlik shabadalari esa boshlagan, dunyo fashizmdan qutulgan bir vaqtda Janubiy Afrika Ittifoqida o‘ta o‘ng millatchi va irqchilar partiyasi («Milliy partiya») 1948 yilgi saylovlarda g‘alaba qozondi. 

Janubiy Afrika yevropalik kolonizatorlarning eng katta manzillaridan sanalar, bu yerda millionlab oq tanlilar diasporasi shakllangandi. Milliy partiya ajratuvchilik siyosatida ularning qo‘lloviga tayandi. 

Milliy partiya mamlakatda irqiy bo‘linishlar asosidagi o‘ta qattiq qonunlarni joriy qildi. Bu qonunlar asosida «davlat – oq tanlilar uchun» shiori yotardi. Vaholanki, oq tanlilarning aholi ulushidagi soni 20 foizga ham yetmasdi. 

Aparteid (aparteid – afrikans tilidan olingan bo‘lib, bo‘lish, ajratish, alohidalash degani) e’lon qilingach, kurakda turmaydigan qonunlar asosida qora tanlilar ijtimoiy hayotda oqlardan ajratib tashlandi. Qora tanlilar hattoki fuqaro sifatida ham ko‘rilmay, bantustanlar deb ataluvchi, tashlandiq hududlarga siqib chiqarildi, hosildor va rivojlangan joylar «oq hududlar» deya atala boshlandi. 

Aparteid siyosati qator cheklovlarni joriy etdi. Jumladan: 

– Qora tanlilar va oqlar o‘rtasidagi jinsiy va nikoh munosabatlari butunlay taqiqlandi;

– qoralarning oqlarning hududlarida maxsus ruxsat bilan kirish joriy etildi;

– avtobus va boshqa transportlar ham ajratildi. Hatto oq tanlilar uchun alohida skameykalar joriy etildi. Alohida kinoteatr, piyodalar yo‘lakchasi va hojatxonalar ishga tushirildi. 

Irqiy ajratish oliy ta’limga ham kirib bordi. Oqlar, qoralar, osiyoliklar va «ranglilar» (metislar) uchun alohida oliygohlar ochildi. 

Qora tanli politsiyachilar oqlarni qo‘lga ololmasdilar. Irqiy kamsitishga uchragan aholi yashaydigan hududlarda infrastruktura shunchaki halokatli ediki ko‘p joylarda suv, elektr kabi oddiy ehtiyojlar yo‘q edi, tibbiy xizmati xarob, shifokorlar yetishmasdi. Oq tanlilarda esa bu narsalar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi.