O‘zbekiston | 22:59 / 14.11.2020
8494
5 daqiqa o‘qiladi

Zoir Mirzayev: “Qashqadaryoning 86 foizga yaqin yerlari suv omborlari va nasoslar orqali sug‘oriladi”

Xalqaro press-klubning navbatdagi - “Qashqadaryo viloyati: dolzarb muammolar va innovatsion yechimlar” mavzuidagi sessiyasida Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayevga savol bilan murojaat qildi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

“Qashqadaryo viloyatida 1 trillion so‘m sarflab, dalalarga suv berilgan. Bir yilda ishlatilgan 5 mlrd kub metr suv evaziga 91 million AQSh dollarlik eksport amalga oshirilgan. Taqqoslash uchun: Farg‘ona viloyatida 2 mlrd kub metr suv sarflangan holda 500 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingan. 1 trillion so‘m pul sarflab, 90 million so‘mlik mahsulot eksport qilish o‘tmish bo‘lib qoladimi? Qanday texnologiyalarni joriy etish orqali viloyat daromadini oshirmoqchisiz?” – deya so‘radi Sherzod Qudratxo‘jayev.

“Juda og‘riqli masalamiz shu. Sababi – Qashqadaryoning 86 foizga yaqin yerlari suv omborlari, nasoslar orqali sug‘oriladi. Bizda 56 ming gektar tomorqa bor. Tomorqaning o‘zi bir viloyatning paxta ekadigan maydoniga teng.

Ikkinchi masala borki, 150 ming gektar atrofida g‘alla, shuncha miqdorda paxta. Hammasini hisoblasak, bizda suvli yerlarimiz, sug‘oriladigan yerlar taxminan 400 ming gektar atrofida. Lalmi yerlar to‘g‘risida qisqacha aytib berdim.

Yondashuv qanaqa? Haqiqatan ham Qashqadaryoda yerlarni o‘zlashtirishning eng yuqori nuqtasi 70-yillarda bo‘lgan. O‘sha paytlarda lotok, irrigatsiya, melioratsiya tizimlari, yerosti drenajlari qurilib, o‘zlashtirilgan. Vaqt o‘tishi bilan sekin-sekin tizim ishdan chiqqan. Hammasi jismoniy eskirgani uchun ishdan chiqdimi yoki boshqa sabab ham bormidi, degan savolga ikkinchi sabab ham bor.

Jismoniy ishdan chiqqan qismi ham bor. Ikkinchi tarafi – noto‘g‘ri ekspluatatsiya natijasida izdan chiqib ketgan: mutaxassis yo‘q, mutaxassis tayyorlaydigan tarmoq yo‘q. Yondashuv – kim xohlasa suvni ochadi, yopadi. Natijada yerlarning sho‘rlanish darajasi ko‘tarilib boryapti. Agar Qoraqalpog‘istonga o‘xshab sho‘rni yuvadigan bo‘lsak, bizniki 5 trillion bo‘lmaydi, 6-7 trillion bo‘lib ketadi. Bundan Xudo o‘zi asrasin.

Hozirgi holatda eroziyani to‘xtatishimiz kerak, tizimlarni zamonaviysiga o‘tkazishimiz kerak. Ikkinchi masala – tomchilatib sug‘orish texnologiyalari. Keyingi yilda 27 ming gektar paxta maydonini tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazishni reja qildik. Bundan tashqari, g‘alla maydonlarida 30 ming gektarni yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazish. Buning uchun qancha subsidiya, qancha kredit olamiz, nechta fermer qiladi, bu bo‘yicha rejamiz ham bor.

Ikkinchi tarafi ham borki, bugun bizning maqsadimiz – yetishtirilayotgan mahsulot salmog‘ini ko‘paytirish. Ya'ni shunday mahsulot yetishtirishimiz kerakki, undan dehqonga foyda bo‘lsin, yetishtiradigan odam manfaatdor bo‘lsin. Paxtadan manfaatdor bo‘lmagan joylarga paxta ekib kelganimiz ham rost, lekin shuni sabzavot yo‘nalishiga o‘tkazishimiz uchun malaka, tajriba kerak.

Hali so‘zingiz orasida kartoshka haqida gapirdingiz. Biz kartoshka eksportidan yiroqmiz. Bizning maqsadimiz – avvalo o‘zimizni kartoshka bilan qoplab olaylik. Qashqadaryoga bir yilda 176 ming tonna kartoshka kerak. Shundan 79-80 ming kartoshka yetishtiryapmiz.

Nima uchun eksport bo‘lmagan? Eksportning ikkita sharti bor: birinchi sharti – mahsulotning sifati, ikkinchi sharti – sotib oladigan odamning buyurtmasiga asosan mahsulot tayyorlashimiz kerak. Eng asosiy masala – mahsulotning sifatini saqlab turish uchun logistika kerak.

Kecha bir yilda ming gektar issiqxona qilish bo‘yicha topshiriq oldik. So‘nggi 1,5 yilda qilingan issiqxona bir ming bir yuz gektarni tashkil qiladi. Lekin uning hammasi ham zamonaviy emas. Qashqadaryo sharoitida hamma narsa gidroponikada sug‘oriladigan, 1 gektari 400-450 ming dollar turadigan issiqxona qilish degan maqsad yo‘q bu yerda. Iqlimdan kelib chiqib, oddiygina qilib ustini yopib, ichiga ekish kerak. Mana shuni odamlarga o‘rgatishimiz kerak.

Undan keyingi masala – qayta ishlash masalasi. Qashqadaryoda bu yil birinchi marta 31 ming gektarga mosh ekdik. Bu eng kamida 46-47 ming tonna hosil degani. Yillar davomida yopiq bo‘lgan Hindiston bilan Xitoy bozori mosh uchun O‘zbekistonga birinchi marta ochildi. Buning qadriga yetishimiz kerak”, - dedi Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev.

Mavzuga oid