O‘zbekiston | 15:47 / 15.11.2020
10015
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdoni 3 yilda 3 barobarga oshirishni mo‘ljallamoqda. O‘zaro aviaqatnovlar tiklanadi

«Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarori qabul qilindi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan yillik savdo hajmini 2023 yilgacha 2 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan. 2019 yilda bu miqdor 618 mln dollarni tashkil etgandi. Shundan 615 mln dollar O‘zbekiston eksportiga to‘g‘ri keladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tuzilib, ko‘riladigan chora-tadbirlar jadvali tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Qobul va Mozori-Sharif shaharlari o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni 2021 yil yanvaridan boshlash reja qilingan. Pandemiya sabab shu yil mart oyida to‘xtatilgan aviaqatnovlarni tiklash masalasida «KamAir» va «Ariana Afghan Airlines» kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkaziladi.

2021 yil martida Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo bitimi imzolash rejalashtirilgan.

Qobul va Mozori-Sharif shaharlarida o‘zbek mahsulotlari savdo uylari va O‘zbekiston banklari filiallarini ochish, avtomobilda va temir yo‘lda yuk tashishni soddalashtirish va arzonlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

O‘zbekiston qo‘shni respublikaga tovuq go‘shti, marmar va zargarlik buyumlari, tamaki, gigiyenik vositalar, mebel, bolalar kiyimlari, xalq iste'mol tovarlari, un va non mahsulotlari, o‘simlik yog‘i va meva-sabzavot eksportini oshirishni ko‘zlamoqda.

Pokiston temir yo‘llariga chiqish imkonini beradigan «Mozori-Sharif – Qobul» temir yo‘lini qurish 2021 yil sentyabridan boshlanishi belgilandi.

500 kVt quvvatli «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasining O‘zbekiston hududidagi qismi 2021 yil martigacha qurib bitkaziladi. Afg‘oniston hududidagi qurilish ishlari 2021 yil avgustida boshlanadi.

Mavzuga oid