O‘zbekiston | 07:59 / 16.11.2020
5695
4 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan loyihalarni ma'lum qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida prezident Qashqadaryo viloyatida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan ham tanishdi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev tomonidan Qashqadaryo viloyatida issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish hamda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.

Taqdimot davomida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga bozor mexanizmlarni joriy etish, samarasiz faoliyat yuritayotgan, og‘ir toifadagi uy-joy mulkdorlari shirkatlar o‘rniga boshqaruv servis kompaniyalarni tashkil etish, uylarning texnik holatini yaxshilash, issiqlik ta'minoti tizimini kompleks rivojlantirish hamda aholiga kommunal servis xizmatlar ko‘rsatilishini kengaytirish borasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi xabariga ko‘ra, sohada to‘plangan shu kabi amaliy tajribaga tayangan holda hamda rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi ilg‘or tajribasidan kelib chiqib Qashqadaryo viloyatida 2020 yakuniga qadar va 2021 yil va kelgusi yillarda sohani rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar va loyihalarni amalga oshirilishi taklif etildi.

Birinchidan, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga bozor mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha boshlagan ishlar izchil davom ettiriladi. Viloyatdagi mavjud 161ta uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moliyaviy-iqtisodiy holatini o‘rganish natijasida aniqlangan og‘ir toifadagi 89ta shirkatlar joriy yil yakuniga qadar tugatilib, ularga biriktirilgan uylarni mulkdorlarning roziligi bilan belgilangan tartibda 10ta yangi boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etiladi.

Ikkinchidan, shirkatlarning tijorat banklari oldidagi kredit qarzdorligini so‘ndirish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.

Uchinchidan, ko‘p kvartirali uylarning joriy va mukammal ta'mirlanishini moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etiladi.

To‘rtinchidan, uy-joy mulkdorlari shirkatlarga buxgalterlik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatadigan “Yagona hisob-kitob markazi” DUKlarning ijobiy tajribasidan kelib chiqib, ularning faoliyati barcha ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlariga tatbiq etiladi.

Beshinchidan, aholining sifatli va kafolatli kommunal servis xizmatlariga ehtiyojini e'tiborga olgan holda “Ta'mirlash-tiklash xizmati” DUK negizida tashkil etilgan “Tez kommunal xizmat” servisi faoliyati yanada rivojlantiriladi, mijozlarning ehtiyojlariga qarab ko‘rsatilayotgan xizmat turlari kengaytiriladi.

Oltinchidan, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga joriy etilgan “Obod uy” elektron dasturi takomillashtiriladi va barqaror ishlashi ta'minlanadi.

Yettinchidan, viloyat issiqlik ta'minoti tizimi energiya va resursni tejaydigan yangi texnologiya va uskunalarni joriy qilish orqali rivojlantiriladi va modernizatsiya qilinadi.

Qashqadaryo viloyatiga tashrif chog‘ida davlat rahbari tomonidan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish borasida berilgan topshiriqlarning amaliy ijrosini ta'minlash maqsadida 14 noyabr kuni vazir M. Soliyev rahbarligidagi vazirlik mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruh viloyatda o‘z ishini boshladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid