O‘zbekiston | 20:25 / 17.11.2020
4765
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada yetti nafar o‘qituvchiga 164,3 million so‘m ustama pullari to‘lanmaganligi aniqlandi

Hozirda 5ta ariza yuzasidan 121 mln 855 ming so‘mni undirish yuzasidan sud buyruqlari chiqarildi, 42 mln 448 ming so‘m ustama summalarini undirish haqidagi 2ta ariza fuqarolik sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari faoliyatida “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori talablariga rioya etilishi holati o‘rganildi.

Ta'lim muassasalari o‘qituvchilaridan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz hamda asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqlari to‘lanishi kerak bo‘lsa-da, amalda viloyat bo‘yicha olimpiada g‘olibi bo‘lgan Uchko‘prik va So‘x tumanlaridagi maktablarda ishlovchi 7 nafar o‘qituvchiga ustamalar to‘lanmaganligi aniqlangan.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabar qilishicha, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakuni bo‘yicha viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga kiritilgan taqdimnoma muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, So‘x va Uchko‘prik tuman XTB mudirlariga joriy yilning 5 oktyabr kuniga qadar ustama va mukofot pullarini to‘lab berilishi yuklatilgan bo‘lsa-da, amalda ushbu o‘qituvchilarga 164 million 303 ming so‘m ustama pullari to‘lanmagan.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton va Qo‘qon tumanlararo sudiga 7 ta sud buyrug‘i tartibida 164 million 303 ming so‘mni undirish yuzasidan arizalar kiritilib, hozirda 5ta ariza yuzasidan 121 million 855 ming so‘mni undirish yuzasidan sud buyruqlari chiqarildi, 42 448 000 so‘m ustama summalarini undirish haqidagi 2ta ariza fuqarolik sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, So‘x tuman XTB mudiri A.Temirov va Uchko‘prik tuman XTB mudiri D.Ayupovalarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobaridan ma'muriy jarima tayinlash yuzasidan qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish yuzasidan boshqarmaning yozma ko‘rsatmasi yuborildi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid