O‘zbekiston | 16:14 / 17.11.2020
3061
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vaziri Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi

2020 yil 16 noyabr kuni Polshaning Varshava shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyasida ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari tadbir ishtirokchilarini diniy erkinliklarni ta'minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi va respublikaning mazkur yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarini izchil bajarayotgani haqida xabardor qildi.

Konferensiya mavzusining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jumladan, ularning diniy e'tiqodlari erkinligini ta'minlash borasida o‘tkazilayotgan chuqur demokratik o‘zgarishlar ruhiga mos ekanligi e'tirof etildi.

Qisqa davr mobaynida e'tiqod erkinligini mustahkamlash sohasida respublikada amalga oshirilgan aniq choralar, xususan, xalqaro huquq normalari va eng yaxshi demokratik standartlarni hisobga olgan holda yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasining ishlab chiqilishi, diniy birlashmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonining soddalashtirilishi, mamlakat tarixida ilk bor din va e'tiqod erkinligi ta'minlanishi monitoringi bo‘yicha parlament eshituvining o‘tkazilishi qayd etildi.

Shuningdek, vazir bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlash hamda ta'lim va ma'rifatni faol targ‘ib qilish jamiyatda diniy erkinlik va millatlararo totuvlikni ta'minlashning samarali yo‘llaridan biri ekanligini ham e'tirof etdi.

O‘zbekiston TIV rahbari mazkur muhim forum insonning e'tiqod erkinligi huquqini himoya qilishni ilgari surish bo‘yicha xalqaro sa'y-harakatlarni birlashtirish ishida navbatdagi muvaffaqiyatli qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid