Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyalik mashhur kaskadyor Dubayda halok bo‘ldi
Taniqli fransuz kaskadyori, hayotligidayoq parashyut sporti afsonasiga aylangan Vins Reffe Dubayda reaktiv uchish moslamasi bilan mashg‘ulot o‘tkazish vaqtida halok bo‘ldi. Bu haqda uning jamoasi Jetman ma'lum qildi.
“Temir odam” nomi bilan ham ma'lum bo‘lgan 36 yoshli kaskadyorning o‘limiga baxsiz hodisa sabab bo‘lgan. Voqeaning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.
“Jetman uchuvchisi Vinsent Reffe 17 noyabr ertalab Dubayda mashg‘ulot vaqtida halok bo‘lganini chuqur qayg‘u bilan ma'lum qilamiz”, deb xabar qilgan jamoa Instagram’da.
Reffe ko‘plab esda qoladigan tryuklar bajargan, biroq birinchi navbatda Dubay sohillari uzra Jetman reaktiv moslamasi bilan amalga oshirgan parvozlari bilan nom qozongan edi. Uchuvchi orqasiga o‘rnatiluvchi 4 motorli qanotdan iborat moslama 400 km/soatgacha tezlik bilan parvoz qilish imkonini beradi.
Reffe Jetman’ni ixtiro qilgan shveysariyalik Iv Rossi bilan 2015 yil Dubayda o‘zining mashhur parvozini amalga oshirgandi: ular reaktiv moslamalar yordamida osmonda Airbus A380 samolyoti bilan yonma-yon uchib borishgan va dunyodagi eng baland bino Burj-Halifa atrofini aylanib chiqishgan.
Bundan tashqari, Reffe mashhur tryuklaridan birini Shveytsariyada amalga oshirgan. U Yungfrau tog‘idan vingsyut qurilmasida sakrab, parvozdagi samolyot ichiga uchib kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Joriy yil fevralida esa kaskadyor hamkasblari ichida birinchi bo‘lib reaktiv moslamada yerdan ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgandi. Bungacha ushbu moslama bilan parvozlar faqatgina balandlikdan va uchib ketayotgan samolyotlardan amalga oshirilgan. Reffe ushbu urinishi vaqtida 100 metr balandlikka 10 soniyada ko‘tarila olgan. Ushbu tryukdan keyin Reffening muxlislari uni “Temir odam” deb atay boshlashgan.
“Bu erkinlik hissidir. Bu mashina bilan men qush kabi ucha olaman”, deb aytgan o‘shanda Reffe parvozdan keyin.
Mavzuga oid
17:24 / 21.05.2026
Dubayga olib ketilayotgan qariyb 2 kg oltin to‘xtatib qolindi
14:13 / 04.05.2026
Dubayda ko‘chmas mulk orqali yashash uchun ruxsatnoma olishdagi minimal investitsiya miqdori bekor qilindi
19:38 / 02.05.2026
BAA havo hududini to‘liq ochganini e’lon qildi
08:40 / 31.03.2026