Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Senat tarixiy majmualarni saqlash, adabiyot va kinematografiya sohasidagi kamchiliklarini sanadi
2020 yilgi davlat dasturida madaniyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosida jiddiy kamchiliklar bor, dedi senator Baxtiyor Sayfullayev 20 noyabrdagi majlisda. U tarixiy majmualar, yozuvchi va shoirlarning yubileylari va kinematografiyaning e'tiborsiz qolayotganini tanqid ostiga oldi.
«Hammamizga ma'lum Shahrisabz tarixiy majmuasi butun jahon meroslari ro‘yxatiga kiritilgan. Bu majmua noqonuniy, ya'ni o‘zaro kelishilmay qilingan ishlar sabab ushbu ro‘yxatdan chiqib ketish xavfida turibdi.
O‘tgan 9 oy davomida Shahrisabz tarixiy majmuasini saqlab qolish uchun «Yunesko» bergan tavsiyalar hali to‘liq bajarilgani yo‘q. Agar ishlar shunday ketadigan bo‘lsa, keyingi yil Umumjahon meroslari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘ladi va bu masala juda jiddiy ko‘tariladi. Ular bizga ikki yil muhlat bergandi. Bu imkoniyatga jiddiy qarashimiz kerak.
Ikkinchidan, Buxoro viloyatida sayyohlarni jalb qiladigan ikki masjid – Abdulazizxon va Amir Umardod masjidi yillar davomida eroziyaga uchrab, juda nochor ahvolga kelib qolgan. Bu ishlar davlat dasturida ko‘rsatib berilgan edi, lekin buning ijrosi o‘tgan 9 oy davomida bajarilmagan», – dedi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.
Sayfullayev o‘z nutqida davlat dasturining 226 bandi bo‘yicha o‘zbek xalqining ulug‘ adiblari tavalludini o‘tkazish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham sanab o‘tdi.
«O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor tavalludining 100 yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning 80 yilligi, shoir Shavkat Rahmon tavalludining 70 yilligini keng nishonlash belgilangan bo‘lsa-da, bu bo‘yicha hukumatning tegishli farmoyishi hamon qabul qilingani yo‘q», – dedi u.
Senatorga ko‘ra, madaniyat sohasida ijrosiz qolayotgan ishlardan yana biri kinematografiya sohasida bo‘lmoqda.
«Davlat dasturining 227 bandida 2020 yil 1 iyuliga qadar «O‘zbekistonda kinematografiya sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»ni ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi. Ammo vazifa bajarilmadi.
Biz bu topshiriqlar ijrosi nega bajarilmaganini bilish uchun «O‘zbekkino» milliy agentligi vakillarini qo‘mitaga taklif qildik, lekin ming afsuski, hech kim kelmadi.
Kinematografiyani rivojlantirish konsepsiyasi qachon ishlab chiqiladi? Bu savol bizda hamon ochiq turibdi. «O‘zbekkino» milliy agentligining Senatga bo‘lgan munosabatini men tushunmadim», – deya Baxtiyor Sayfullayev so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
19:45 / 13.06.2026
Senat aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
15:29 / 13.06.2026
Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
08:33 / 05.06.2026
AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirish sari qadam tashladi
17:36 / 23.05.2026