Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar «Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdi.
Majlis davomida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Farhod Boqiyev qonun mazmun-mohiyati haqida gapirdi.
«2019 yil va 2020 yilning 9 oyi davomida 720ta og‘ir, 207ta o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etilmasdan qolgan. Bundan tashqari, birgina 2020 yilning 9 oyida 367ta bedarak yo‘qolgan fuqarolar topilmagan va 224ta noma'lum murdalarning shaxsi aniqlanmagan», dedi Farhod Boqiyev.

U bu qonun 50ga yaqin mamlakatda mavjudligini, DNK bazalari bilan ishlaydigan davlatlar borligi, mana shu davlatlarda 60 milliondan ortiq shaxslarning ma'lumotlar bazalari saqlanishini ta'kidlab o‘tdi.
«Genom axborotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmlarining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga qilmish uchun jazo muqarrarligini ta'minlaydi. Biror shaxs jinoyat qilish uchun qanchalik puxta reja qilmasin, sodir bo‘lgan joyda o‘zi xohlamagan holatda biologik materialni qoldiradi. Bu soch tolasi, qon dog‘i, ter dog‘i, so‘lak bo‘lishi mumkin. Mana shu qolgan biologik materialdan olingan genomga oid axborot o‘sha jinoyatning fosh etilishiga olib keladi», dedi Farhod Boqiyev.
Hozirda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar to‘liq fosh etilishi va jazo muqarrarligini ta'minlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o‘z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli usullardan foydalanilmoqda.
Mazkur qonun qabul qilinishining ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, chet el tajribasi jinoyatchilik bilan kurashishda genom axboroti ma'lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etish muhim ahamiyat kasb etib, yuqori samara berayotganini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda jinoyat sodir etish usullari ham takomillashib bormoqda. Ularning asosiy maqsadi jinoyat sodir etilgan joyda qoldiriladigan izlarni minimallashtirishdan iborat bo‘lib, bu esa sodir etilgan jinoyatlarni ochish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Genom axborot ma'lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga qilmish uchun jazo muqarrarligini ta'minlaydi.
Qonun bilan bir qator yangiliklar kiritilmoqda.















