O‘zbekiston | 11:24 / 21.11.2020
4558
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining shakli strategik sheriklik muloqotiga aylantirildi

2020 yil 20 noyabr kuni Vashington shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston – Amerika Qo‘shma Shtatlari siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundida ishtirok etdi. 

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytilishicha, AQSh delegatsiyasiga Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari Din Tompson boshchilik qildi.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari hamda O‘zbekiston prezidentining 2018 yil may oyida AQShga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi. Ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh hamkorligini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

AQSh O‘zbekistonning inson huquqlari himoyasini yaxshilash, majburiy mehnatga qarshi kurashish, diniy erkinliklarni kengaytirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda muhim yutuqlarini e'tirof etdi va O‘zbekistonning 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishini mamnuniyat bilan qabul qildi.

COVID-19 inqirozining jiddiy iqtisodiy ta'siri qayd etilib, Amerika Qo‘shma Shtatlari global pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda O‘zbekistonga yordam berishda qat'iy ekani tasdiqlandi.

«C5+1» shaklining mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishda va birgalikdagi ishlarning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim o‘rin tutishi e'tirof etildi. Markaziy Osiyoning global transport va tranzit koridorlariga chuqur integratsiyalashuvini ta'minlash hamda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va energetika sohalaridagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha amaliy choralarni kuchaytirish masalalari alohida ajratib ko‘rsatildi.

«O‘zbekiston – AQSh – Afg‘oniston» uch tomonlama shakli doirasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Afg‘onistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy va integratsiya jarayonlariga faol jalb etish hamda uning tranzit salohiyatini oshiruvchi investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish mazkur mamlakatda mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar shaklini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Muloqotning ta'sis yig‘ilishini 2021 yilda Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid