O‘zbekiston | 13:51 / 26.11.2020
8301
3 daqiqa o‘qiladi

“Gallup” agentligi O‘zbekiston aholisida ijobiy taassurot indeksi yuqori ekanligini ma'lum qildi

Butun dunyoda jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha eng obro‘li tashkilotlardan hisoblangan AQShdagi “Gallup” agentligi aholi hissiyotlari bo‘yicha hisobotini (Global Emotions Report 2020) e'lon qildi. Tadqiqot 2019 yilda 140 dan ortiq mamlakatda 175 mingdan ortiq odamlar orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma va suhbatlarga asoslangan.

Foto: KUN.UZ /Muhammadjon G‘aniyev

So‘rovnomada qatnashganlardan 5 ta masala yuzasidan ijobiy taassurotlari bor yoki yo‘qligi so‘ralgan. Unda qatnashchilarning 71 foizi bugun yaxshi dam olgani, 72 foizi hayoti qiziqarli kechayotgani, 75 foizi jilmaygani yoki kulgani, 86 foizi esa o‘ziga nisbatan hurmat bilan munosabat qilinayotganini his qilishini aytgan. Lekin qatnashchilarning kamroq qismi, ya'ni 49 foizi so‘rovnoma o‘tkazilgan kunga qadar yangi narsa o‘rgangani yoki qilganini aytishgan.

“Gallup” so‘rovnoma bo‘yicha yuqoridagi 5 ta savolga «Ha» deb berilgan javoblarni ijobiy indeksga birlashtirgan. 2019 yilda ushbu indeksning global ko‘rsatkichlari barqaror qolgan.

2019 yil yuzasidan taqdim qilingan ijobiy taassurot indeksida davlatlarning xaritadagi rangi qanchalik to‘q yashilga moyilroq bo‘lsa, pozitivroq ekanligi aytiladi. Aksincha, xaritadagi ranglar yashildan oqqa qarab o‘zgarishi aholi kayfiyatida ijobiy taassurotlar kamligini bildiradi.

Masalan, ushbu xaritadagi ma'lumotlarga ko‘ra Afg‘oniston, Livan, Litva, Turkiya, Nepal, Tunis, Efiopiya, Shimoliy Kipr hududi, Bangladesh, Yaman, Serbiya va Misr kabi davlatlar aholisi ijobiy taassurotlar bo‘yicha eng quyi o‘nlikda joylashgan.

Panama, Salvador, Gvatemala, Paragvay, Kolumbiya, Indoneziya, Meksika, Nikaragua, Xitoy, Kosta-Rika, Daniya va Honduras aholisi esa ijobiy taassurot indeksining Top-10 taligida joylashgan. Bundan tashqari, xaritada Kanada, AQSh, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Yangi Zelandiya va Janubiy Afrika Respublikasi ham bir muncha to‘qroq rangda ko‘rsatilgan. So‘rovnoma natijalariga asoslangan tashkilotchilar ushbu davlatlar aholisida ham ijobiy taassurot indeksi yuqori ekanligini ko‘rsatishgan. Markaziy Osiyodagi yon qo‘shnilarimizda esa, Afg‘onistondan tashqari, O‘zbekistonga nisbatan bir muncha pastroq natijalar qayd etilgan.

“Gallup” hisobotda barcha davlatlar reytingini e'lon qilmagan, faqatgina eng yuqoridagi 10 ta va eng pastdagi 10 davlat nomlarini sanab o‘tgan.

Bundan tashqari, ushbu hisobot hech qanday rasmiy maqomga ega emas va butun aholining kayfiyatini ifoda etmasligi mumkin.

Mavzuga oid