Jahon | 21:24 / 30.11.2020
1402
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilgan orol yong‘inlar sababli tashrif uchun yopildi 

YuNeSKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Avstraliyadagi Freyzer oroli o‘rmon yong‘inlari sababli 14 dekabrgacha sayyohlar uchun yopildi. 

Foto:instagram.com/king_oceanik

Daily Mail nashrining ma'lum qilishicha, o‘zining tropik o‘rmonlari va dingo zotidagi itlari bilan mashhur bo‘lgan orolda yong‘in oktyabr oxirida sayyohlar lageridagi gulxan sababli boshlangan. Biroq issiq havo olovning 74 ming gektar maydonga yoyilishiga va Kingfisher Bay kurortidan bir necha kilometr radiusdagi o‘simliklarning 40 foizi yo‘q bo‘lishiga olib kelgan.

Yong‘in hozirda aholi yashash joylariga yaqinlashmoqda. Shu sababli mahalliy hokimiyat odamlarga orolga tashrif buyurishni taqiqlab qo‘ydi va keyingi ogohlantirishgacha parom aloqasini chekladi.

“Freyzer orolidagi o‘simliklar juda quruq va shu sababli oson alangalanadi”, deb aytgan yong‘in operatsiyasiga boshchilik qilayotgan Jyeyms Xeyg. Uning ta'kidlashicha, orolga yomg‘ir zarur. Yonayotgan maydonlarga samolyotlardan tashlanayotgan suv esa yong‘inni to‘xtata olmay, uni faqatgina sekinlashtirishi mumkin.

Avstraliyaning fan va meteorologiya bo‘yicha milliy agentliklarining hisobotiga ko‘ra, yashil qit'ada iqlim o‘zgarishi tobora kuchli qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari va siklonlarga olib kelmoqda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, vaziyat harorat ko‘tarilgani sari yanada yomonlashadi.

Joriy yil boshida Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida millionlab gektar yerning kuli ko‘kka sovurilgandi. Yong‘inlar minglab uylarni va yuz minglab jonzotlarni yo‘q qilgan hamda atmosfera va butun sayyora ekologiyasiga ta'sir ko‘rsatgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid