O‘zbekiston | 11:38 / 02.12.2020
2094
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida Suv muammolari markazi tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib suv resurslarini boshqarish, ularning hisobini yuritish va meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm viloyatida tajriba-ishlab chiqarish xo‘jaligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.
 
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • Xorazm viloyatida suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha muammolarni aniqlash hamda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash;
  • suv xo‘jaligi obektlaridan xavfsiz va ishonchli tarzda foydalanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • ishlab chiqilgan tavsiyalar va takliflarni amaliyotga tatbiq etish va boshqalar.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Markaz tuzilmasi;
  • Markaz to‘g‘risidagi nizom;
  • Markaz faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Xorazm viloyati hokimligi, Suv xo‘jaligi vazirligiga ikki oy muddatda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikda Markazni malakali rahbar va mutaxassislar bilan ta'minlashni tashkil etish topshirildi.
 
Markazni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

  • Davlat budjeti mablag‘lari;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligining grantlari;
  • xalqaro moliya institutlarining grantlari;
  • xizmat ko‘rsatishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Hujjat 26.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid