Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi tarixini yozayotgan «Turon». Farg‘onadagi voqealarga boy to‘qnashuvdan fotogalereya
Pro liga so‘nggi turining eng oxirgi uchrashuvi «Neftchi» hamda «Turon» o‘rtasida o‘tkazilib, turnirning eng muhim qarama-qarshiligida Farg‘onaning uzoq tarixga ega jamoasi yangi tarixini yozayotgan klubga imkoniyatni boy berdi. «Oltin o‘yin» kutilganidan-da qarama-qarshiliklarga boy o‘tib, yakunda «Turon» qisqa tarixida ilk marta Superligaga yo‘llanma oldi.
Uchrashuv oldidan Farg‘onadagi «Istiqlol» o‘yingohida Pro liga o‘yini emas, xuddi finaldagidek bayramona muhit hukmron edi. O‘yin OAVda keng yoritilgan, minglab tomoshabinlar tribunalardan joy olgan, PFL va Farg‘ona viloyati rahbariyati stadionga tashrif buyurgan, TV qarshisida esa minglab muxlislarni yig‘a olgan qarama-qarshilik edi bu.
«Farg‘ona derbisi» o‘z nomiga yarasha o‘tdi. Maydonning har bir qarichi uchun futbolchilar to‘qnashuvi, penalti, 11 metrlik jarima zarbasining qaytarilishi, zaxiradan maydonga tushgan Asilbek Qayumovning g‘alaba goli, 90-daqiqada esa tajribali Mansur Saidovning xavfli hujumidan keyin to‘pning qo‘lga tegib, hakamning penaltiga asos yo‘q deyishi va hushtakdan keyin mehmonlarning tarixiy g‘alabadan keyingi quvonchli onlari...
Afsuski, «oltin» uchrashuvning eng esda qolarli voqeasi hakam hushtagidan keyin yuz berdi. Superliga yo‘llanmasini qo‘ldan chiqargan alamzada «Neftchi» futbolchilari bosh hakam va uning yordamchilari bilan o‘yin yakunlanganidan keyin o‘zaro orani ochiq qilishga kirishishdi. Mezbon klub vakillariga qo‘shilib, mahalliy muxlislar ham tribunadan maydonga tushib, hakamlarga tashlanishdi. Muxlislar va klub vakillari mushtlaridan qochayotgan bosh hakam Shavkat Nasibullayevni «Neftchi» futbolchisi karate uslubida sakrab tepgani lavhalari butun dunyoni aylanib, shov-shuv ko‘tarib ulgurdi. O‘yin yakunidagi ushbu xunuk manzara PFL rahbariyati va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov qarshisida ro‘y berganini inobatga olsak, aybdorlarning jiddiy jazoga tortilishini kutsa bo‘ladi.
Tartibsizlik tinchigach, Pro ligadan Superligaga haqli ravishda yo‘llanma olgan «Turon» klubi o‘zi munosib bo‘lgan sovrinni boshi uzra ko‘tarib, oltin medallarga ega chiqdi. Farg‘onadagi finalga teng tarixiy uchrashuvdan Tribuna.uz fotomuxbiri tayyorlagan fotogalereyani tomosha qilib, o‘yin taftini his eting.





































Suratlar muallifi - Muhammadjon G‘aniyev
Mavzuga oid
17:43 / 25.04.2026
Superliga. «Paxtakor» va «Neftchi» ta’qibchilardan ilgariladi
17:07 / 20.04.2026
Superliga. Peshqadamlar poygasi va «Bunyodkor»dan superkambek
11:39 / 10.04.2026
Superliga. «Neftchi» to‘xtatildi, Qo‘qonda mojaroli penalti va hakamlikdan norozi PFL
21:18 / 09.04.2026