7-9 aprel kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
NeFTChI 0:1 PAXTAKOR
Gol: Doston Hamdamov, 22 (0:1)
Turning markaziy o‘yini Farg‘onada o‘tkazildi va eng ko‘p muxlis yig‘di – 18756 nafar. Shu vaqtgacha ochko yo‘qotmay kelayotgan «Neftchi» yaqin ta’qibchilaridan biri «Paxtakor»ni qabul qildi. Norasmiy tarzda «O‘zbek klasikosi» deb nomlanadigan bahsda toshkentliklar yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. Natijada «Neftchi» jadvaldagi peshqadamlikni «Paxtakor»ga «topshirdi».
BUXORO 2:0 QIZILQUM
Gollar: Javohir Ro‘ziyev, 20 (1:0), Vladimir Rodich, 59 (2:0)
«Buxoro» o‘z maydonida «Qizilqum»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi va jadvalda uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Mezbonlar raqib darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritdi.
DINAMO 2:1 SO‘G‘DIYoNA
Gollar: Islom Qobilov, 62 (0:1), Anvar Hojimirzayev, 76 (1:1), Firdavs Abdurahmonov, 78 (1:2)
Kutilmaganda autsayderlar qatoriga tushib qolgan «Dinamo» va «So‘g‘diyona» bahsi qiziqarli kechdi. Jizzax klubi hisobni ochib, birinchi g‘alabasini qozonishga yaqin edi. Ammo «Dinamo» ikki daqiqada ikkita gol bilan o‘yinda burilish yasadi. Bu g‘alabadan keyin «Dinamo» 10-o‘ringa ko‘tarildi. «So‘g‘diyona» hamon jadval tubida bormoqda.
OKMK 1:1 SURXON
Gollar: Nodirbek Abdurazzoqov, 3 (1:0), Stefen Chinedu, 90+5 (1:1)
OKMK va «Surxon» o‘yinida olmaliqliklar g‘alabaga juda yaqin edi. Ular dastlabki daqiqalardayoq hisobni ochdi. Ammo termizliklar hujumchisi Chinedu so‘nggi soniyalarda qaychi uslubida chiroyli gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
QO‘QON-1912 1:1 NASAF
Gollar: Bobur Abduxoliqov, 55 (0:1), Toma Tabatadze 88, pen (1:1)
Turning mojaroli o‘yini Qo‘qonda o‘tkazildi. «Nasaf» 55-daqiqada hisobni ochib, g‘alabaga yaqin edi. Biroq, 88-daqiqada bosh hakam Rustam Lutfullin mehmonlar darvozasiga penalti belgiladi. Bundan norozi bo‘lgan «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hakamga e’tiroz bildira boshladi va maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng, u jamoasini maydondan olib chiqib ketishga urindi. Ammo o‘yin davom ettirildi va «Qo‘qon-1912» penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi. Bahsdan keyin Futbol hakamlari markazi Rustam Lutfullin tomonidan belgilangan penalti noto‘g‘ri bo‘lganini e’lon qildi.









