O‘zbekiston | 19:36 / 05.12.2020
6431
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda davlat ijtimoiy himoya uchun ajratadigan mablag‘ miqdori ma'lum qilindi

Kelasi yili ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,2 mln nafarga yetishi kutilmoqda.

2021 yil uchun mo‘ljallangan davlat budjetidan 10 trln so‘mdan ziyodroq mablag‘ ijtimoiy himoya uchun ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bunga nafaqalar, kam ta'minlangan oilalar va nogironligi bo‘lganlarga yordam puli, ularning uy-joy kommunal to‘lovlarini qoplab berish kabi xarajatlar kiradi. Bu jami budjet xarajatlarining qariyb 5 foizini tashkil qiladi.

Bu haqida parlament a'zolari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Zamonaviy dunyo chaqiriqlariga chidamli samarali ijtimoiy himoya tizimi” davra suhbatida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davra suhbatida O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimning hozirgi holati, yutuq va kamchiliklari xususida so‘z bordi.

«2020 yilda davlat budjeti mablag‘larining yarmidan ko‘pi – 52,4 foizi ijtimoiy xarajatlarga ajratildi. Xususan, bundan 15,8 foizi ta'lim, 13 foizi sog‘liqni saqlash, 6 foizdan ko‘prog‘i fan, madaniyat va sportga yo‘naltirildi.

Joriy yilda nafaqalar, kam ta'minlargan oilalar uchun moddiy yordam va kompensatsiya xarajatlari jami 8,5 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu yil boshida tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 30 foizga ko‘proqdir», – dedi davra suhbatida ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.

Ma'lum qilinishicha, parlamentning ikkita palatasi a'zolari respublika bo‘ylab hududlarda ijtimoiy himoya bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib chiqishgan. Aniqlangan jami 3000dan ziyod muammoli masalani hal qilish uchun 28 trln so‘m mablag‘ talab etiladi. Ularni hal qilish uchun mablag‘ ajratish 2021 yil va undan keyingi yillarda davlat budjeti va investitsiya dasturlariga kiritilishi ko‘zlanmoqda.

“Hozirda Oliy Majlis 2021 yil uchun davlat budjeti taqsimotini ko‘rib chiqmoqda. Bunda 10 trln so‘mdan ziyod mablag‘ aynan ijtimoiy himoyaga ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021 yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,2 mln nafarga yetkazilishi, ya'ni joriy yilgiga nisbatan ikki baravar oshirilishi kutilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston budjetini ijtimoiy yo‘naltirilgan budjet deb aytish mumkin”, – deya ta'kidladi Senat raisi.

Avvalroq O‘zbekistonda eng kambag‘al uy xo‘jaliklarining 52 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimi tomonidan hech qanday yordam bilan qamrab olinmasligi ma'lum qilingan edi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid