Belgiya shimolidagi daryoda suzib borayotgan kemani yurgizayotgan yonilg‘i kemasozlikda yangi ufq – zaharli gazlarsiz transport umidini bermoqda.

Kroybeke va Antverpen shahri o‘rtasida qatnovchi sig‘imi 16 yo‘lovchi bo‘lgan Hidrovil (Hydroville) kemasi vodorodda harakatlanadi. Hidrovil 3 yil avval dunyodagi vodorodda harakatlanuvchi ilk yo‘lovchi kemasi bo‘lgandi. Uning gibrid dvigateli kema vodorodda ham, dizelda ham suza olishini ta'minlaydi.

«Bunga hali ehtiyoj bo‘lmasa-da, bugunoq boshlashimiz kerak, deb qaror qildik», deydi CMB kompaniyasi direktori va Hidrovil egasi Roy Kampe. «10 yildan keyin karbonat angidrid chiqarmaydigan kema yasay olishimiz uchun bu ishni bugun boshlashimiz shart edi. Bu bir harakat bilan yoqiladigan chiroq emas axir», deya so‘zlarini davom ettiradi Roy.

Foto: CMB

CMB vodorodda suzuvchi boshqa kemalar ham qurishga kirishgan. Yaponiyada 2021 yilning avvalida suvga tushirilishi mo‘ljallangan Hidrovildan kattaroq 80 yo‘lovchilik kema shular jumlasidan.

«Kichik kemalar sektori yangi texnologiyalarni yirik tijoriy kemalarga joriy qilishdan avval tajriba o‘tkazishga qulay maydondir», deydi Smart Green Shipping Alliance asoschisi Diana Gilpin.

2050 yilga borib kemalardan chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini kamida 50 foizga kamaytirishga umid qilinmoqda. Ammo bu borada ishlar sekin ketayotgani uchun ko‘zlangan maqsad hali yiroq.

Kemani suvga tushirish ancha quvvat talab qiladi. Jahonda savdo hajmi ortib borgani sayin yangi kemalar ham ko‘payib boradi. Karbonat angidrid gazi emissiyasini kamaytirish uchun samaraliroq dizayndan foydalanish, shamolni energiyaga aylantirib beruvchi texnologiyalar joriy qilish, yonilg‘ini tejash uchun sekinroq harakatlanish yoki shunchaki kamroq yuk ortish mumkin.

Lekin modomiki karbonat angidrid gazidan to‘liq voz kechishni istasak, chiqindili yonilg‘i turlaridan to‘la voz kechish kerak.

Foto: Getty Images

CMB kompaniyasining vodorod loyihasi dunyodagi yagona yashil loyiha emas. Qator kompaniyalar ham nafaqat vodorod, balki ammoniy va metanolda harakatlanuvchi loyihalar ustida ishlashmoqda. Bu kabi sintetik yonilg‘i turlari bilan bir qatorda quyosh yo shamoldan quvvatlanuvchi batareyalar ham uzoq istiqbolda sof ekologik yechimlar bo‘lishi mumkin.