23:28 / 07.12.2020
5997

AQSh Xitoyning 14 mansabdor shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi

Xitoy xalq vakillari yig‘ini (parlament) doimiy qo‘mitasi rahbariyatining 14 a'zosi Hongkong atrofidagi vaziyat tufayli AQSh sanksiyalari ostiga tushdi. Ularning barchasi qo‘mita raisi o‘rinbosarlari hisoblanadi.

Foto: Reuters

Avvalroq Reuters axborot agentligi manbalarga tayanib, AQSh ushbu sanksiyalarni Xitoy hukumati Hongkong qonunchilik kengashining 4 nafar muxolif deputatini chetlashtirish qarori sababli tayyorlaganini ma'lum qilgan. Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, “qora ro‘yxat”ga tushganlar orasida Xitoy parlamenti va Kommunistik partiyasi a'zolari bor.  

Xitoy tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin Vashington Hongkong ishlariga aralashishni to‘xtatmasa, Pekin qat'iy javob choralari ko‘rishini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, “Hongkong Xitoyning ajralmas qismi, Hongkong ishlari esa Xitoyning ichki ishlari hisoblanadi va ularga tashqaridan aralashilishiga toqat qilinmaydi”.

AQSh “qora ro‘yxati”ga tushish sanksiyalar ostiga tushganlarning AQShdagi aktivlarining muzlatilishini, ularga AQShga kirish va amerikalik fuqarolar yoki kompaniyalarning ular bilan biznes olib borishi taqiqlanishini anglatadi. 

30 iyunda Xitoy Hongkong milliy xavfsizligini ta'minlash haqidagi qonunni qabul qilgandi. Ushbu qonun ayirmachilik, terrorchilik, davlat hokimiyatiga putur yetkazish, xorijiy kuchlar bilan til biriktirish kabi jinoyatlar oldini olishga qaratilgan va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ko‘zda tutadi. Shuningdek, Xitoy hukumati Hongkongda mahalliy qonunlar amal qilmaydigan maxsus davlat xavfsizlik idoralarini tashkil etgan. AQSh Xitoyning bu tashabbusini Hongkongning “muxtoriyati” va “bir davlat – ikki tizim” tamoyilining buzilishi deb qabul qilgan.

Top